Toshkent bilan Seul o‘rtasida 17 ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol bilan, Toshkent, 2024-yil 14-iyuni (president.uz fotosi)

Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yolning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida jami 17 ta hujjat imzolangan.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, dastavval Shavkat Mirziyoyev va Yun Sok Yol Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzolashgan.

Bundan tashqari, ikki prezident huzurida Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi bilan hukumatlararo bitim, Koreya Eksport-import banki va Hyundai Rotem kompaniyasi bilan tezyurar elektr poyezdlarini xarid qilish va yetkazib berish to‘g‘risida bitimlar, Koreya Eksport-import banki bilan o‘rta maktablar uchun fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uskunalarini yetkazib berish to‘g‘risida bitim, “Toshkent Farma Park” innovatsion farmatsevtika klasteri loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim, O‘zbekiston davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, JST doirasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Transport sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv, O‘ta muhim minerallar sohasida sheriklik to‘g‘risida kelishuv, Malakali va professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandum, Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum va boshqa hujjatlarga qo‘l qo‘yilgan.

Hujjatlar imzolanishidan oldin Shavkat Mirziyoyev bilan Yun Sok Yol avvaliga tor doirada muzokara o‘tkazishgan, keyin esa muzokaralar ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etgan.

Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, texnologik va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan, mintaqaviy, jumladan, "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi" formatidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan.

Shuningdek, mazkur uchrashuvda xavfsizlik va mudofaa sohasida, xususan, kiberjinoyatlar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha yaqin aloqalarni o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilgan.

Kengaytirilgan muzokaralar chog‘ida esa ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning barcha sohalari va yo‘nalishlarini qamrab olgan alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilingan.

Muzokaralar chog‘ida kelgusi 3 yil uchun O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligi ta’kidlangan.

Tomonlar sun’iy intellekt, biznes jarayonlarini autsorsing qilish va raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olganlar.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, ekologiya, mehnat migratsiyasi va boshqa muhim yo‘nalishlarda aniq takliflar ko‘rib chiqilgan.

“Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq muddatlar va amalga oshirish mexanizmlari belgilangan "yo‘l xaritalari"ni qabul qilishga topshiriq berdilar”, deyilgan prezident matbuot xizmati xabarnomasida.

Uch kunlik davlat tashrifi bilan 13-iyun kuni O‘zbekistonga kelgan Janubiy Koreya prezidenti O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi bilan tanishish maqsadida shanba (15-iyun) kuni Samarqand shahrida bo‘lishi kutilmoqda.

Yun Sok Yol O‘zbekistonga Markaziy Osiyodagi uch mamlakat bo‘ylab bir haftalik safari doirasida kelgan. Mazkur tashrif doirasida Janubiy Koreya prezidenti 10-11-iyun kunlari Turkmanistonda, 11-13-iyun kunlari esa Qozog‘istonda bo‘lgan.