Toshkent viloyatida ko‘prik qulab tushdi

Toshkent viloyatidagi qulab tushgan ko‘prik (videodan skrinshot)

Toshkent viloyati Nurafshon–Piskent avtomobil yo‘lining 12-kilometrida ko‘prik qulab tushdi.

Viloyat IIB YHXB matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 2-oktyabr kuni soat 20:00 larda, 37 yoshli haydovchi “Hovo” rusumli yuk mashinasida ko‘prikni kesib o‘tayotganda ro‘y bergan.

Ko‘prik qulashi oqibatida yuk mashinasi tirkamasi Polvonov nomli kanalga tushib ketgan.

Hodisa sodir bo‘lganda ko‘prik tepasida odamlar bo‘lmagani, haydovchi ham jarohatlanmagani aytilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan tegishli organlar tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Mahalliy faollar mamlakatdagi nosoz ko‘priklarni ta’mirlash uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga undab keladi.

2023-yil noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yig‘ilishda O‘zbekistondagi 14863 ta ko‘prikdan 32 foizi, ya’ni 4834 tasi qoniqarsiz, 5-6 foizi esa yaroqsiz holatda ekani aytilgandi.