Toshkentning Shayxontohur tuman sudida 29-may kuni jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev hamda uning ikki o‘g‘li doxil yana 36 kishiga oid mahkama jarayoni boshlandi.
Sud ma’lumotlaridan kelib chiqilsa, Baxtiyor Qudratullayev O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “g” bandi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 109-moddasi 2-qismi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish), 138-modda 1-qismi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish), 165-moddasi 3-qismi “a” va “v” bandlari (Tovlamachilik), 168-moddasi 4-qismi “a” va “v” bandlari (Firibgarlik), 228-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari hamda shu moddaning 3-qismi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 242-moddasi 1-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 276-modda 2-qismi “a” va “b” bandlari (Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar), 277-moddasi 2-qismi “b” va “v” bandlari (Bezorilik) bo‘yicha ayblanmoqda.
53 yoshni qoralagan Baxtiyor Qudratullayev o‘tgan yilning noyabr oyi oxirida Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida qo‘lga olingan edi. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (IIO xodimini qonuniy talabini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 15 sutkaga qamalgan.
Dekabr oyi boshida Toshkent shahar IIBB Baxtiyor Qudratullayev 165-modda 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik), 276-modda 2-qismida (ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash) ham gumonlanayotganini bildirgandi.
O‘zbekistonda “Dolzarb qirq kunlik” tadbirlari davomida “Baxti Tashkentskiy” va yaqinlaridan tashqari Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev, Saidaziz medgorodok” laqabli Saidaziz Saidazimov, “Ziki eski shahar” laqabli Lutfulla Umarov, “Boxo zavxoz” laqabli Bahodir Sultonov hamda jinoyat olamining boshqa vakillari qo‘lga olingan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avvalroq sud hukmi bilan Salim Abduvaliyev 6 yilga, Lutfulla Umarov 6 yilu 2 oyga, Bahodir Sultonov 10 yilga qamalgan, Saidaziz Saidazimovning sudi haqida esa hozircha biror rasmiy ma’lumot yo‘q.