Toshkentda “Baxti Tashkentskiy” va sheriklarining sudi boshlandi

"Baxti Tashkentskiy" laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev (Toshkent shaxar IIBB fotosi)

Toshkentdagi Yunusobod tuman sudi binosida 3-iyun kuni Baxtiyor Qudratullayev va yana 36 kishining jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlangan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda sud jarayoni ochiq o‘tayotganini, Qudratullayevning esa sudya savollariga javob berayotganini ko‘rish mumkin.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov avvalroq o‘z Telegram-kanali orqali “Baxti Tashkentskiy” va sheriklariga oid jinoyat ishi Shayxontohur tuman sudining raisi Tolibjon Obidov raisligida ko‘rib chiqilishini bildirgan.

Oliy sud vakili sudlanuvchilar B. Qudratullayev, Sh. Kurbanov, B. Zafarov, Sh. Rahimov, A. Xodjayev, D. Sharipov, A. Mirzaxanov, Sh. Sulaymonqulov, A. Norkulov, S. Xatamov, N. Jumaniyazova, R. Shakurov, Sh. Qudratullayev, T. Turmonov, F. Vapayev, M. Nasirxodjayev, D. Mo‘minxo‘jayev, M. Usmonboyev, M. Shodmanov, B. Xudayarov, A. Mashrafxanov, V. Kurbanov, A. Maxamadiyorov, A. Djurayev, B. Bakayev, I. Qudratullayev, A. Aliyev, J. Soliyev, A. Tursunboyev, B. Narmirzayev, F. Kamalov, M. Mirzoyev, N. Bagadirov, A. Shchelyov, M. Kurbanov, O. Islamov va M. Ibadullayev, dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104, 109, 138, 165, 168, 228, 242, 243, 273, 276 va 277-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotganini qayd etgan.

Avvalroq “Baxti Tashkentskiy” doxil 37 kishining sudi 29-may kuni Shayxontohur tuman sudida boshlanishi haqida ma’lumot yoyinlangan, biroq sud OAVga noma’lum sabablarga ko‘ra boshlanmagan edi.

53 yoshni qoralagan Baxtiyor Qudratullayev o‘tgan yilning noyabr oyi oxirida Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida qo‘lga olingan edi. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (IIO xodimini qonuniy talabini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 15 sutkaga qamalgan.

Dekabr oyi boshida Toshkent shahar IIBB Baxtiyor Qudratullayev 165-modda 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik), 276-modda 2-qismida (ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash) ham gumonlanayotganini bildirgandi.

O‘zbekistonda “Dolzarb qirq kunlik” tadbirlari davomida “Baxti Tashkentskiy” va yaqinlaridan tashqari Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev, Saidaziz medgorodok” laqabli Saidaziz Saidazimov, “Ziki eski shahar” laqabli Lutfulla Umarov, “Boxo zavxoz” laqabli Bahodir Sultonov hamda jinoyat olamining boshqa vakillari qo‘lga olingan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, avvalroq sud hukmi bilan Salim Abduvaliyev 6 yilga, Lutfulla Umarov 6 yilu 2 oyga, Bahodir Sultonov 10 yilga qamalgan, Saidaziz Saidazimovning sudi haqida esa hozircha biror rasmiy ma’lumot yo‘q.