Toshkentda ikki bloger hajviy klip sabab qamaldi

Illyustrativ surat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yunusobod tuman sudi hajviy klipda ishtirok etgan blogerlar – “brbalo” musiqiy guruhining artistlari Kamol Yusupov va Abror G‘ulomovga 15 sutka qamoq jazosi tayinladi.

“Gazeta.uz” nashri sud qaroriga tayanib yozishicha, ikki ijodkor “jamiyatda o‘rnatilgan yurish-turish qoidalarini, ya’ni odob va axloq normalari, urf-odat, an’analar bilan belgilangan jamoat tartibini qasddan mensimasdan, ijtimoiy tarmoqda turli uyatli va haqoratomuz so‘zlar bilan so‘kingan videolavhalarni joylash”da ayblangan.

Sudga ariza bilan murojaat qilgan Toshkentning Qashqar mahallasi raisi A.To‘xtayev “blogerlarning harakatlarida yoshlar, voyaga yetmaganlarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar mavjudligi”ni aytgan.

Mahkama hujjatlariga ko‘ra, Yunusobod tumani IIB xodimlari ikki blogerni profilaktik suhbatga taklif qilgan, biroq ular “uzrli sabablarsiz qonuniy talabni bajarmagan”.

Kamol Yusupov va Abror G‘ulomov sudda o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, uzr so‘ragani aytilgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

15 кунлик чақалоқ - ўзбeк қамоғи тутқуни

Sudya Z.Latipov ularni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topgan.

Ikki blogerni panjara ortiga yo‘llanishiga sabab bo‘lgan “Aboka 2” klipi joriy yil avgust oyida e’lon qilingan bo‘lib, unda chet el qo‘shiqlari o‘zbek tilida hazil ohangida ijro etilgan. Muqaddimada ushbu videolavha hazil tariqasida suratga olingani haqida diskleymer mavjud.

Hozirda ushbu klip tarmoqlardan o‘chirib tashlangan.

Kamol Yusupov “go.uz” yumoristik loyihasi ishtirokchisi sanaladi. Abror G‘ulomov esa musiqachi va O‘zbekiston KVN Oliy ligasi chempioni sifatida ham tanilgan.