Toshkentda rahbarlar salohiyatini baholaydigan markaz ochiladi

Illyustrativ surat

O‘zbekistonda prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi muassisligida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etildi.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4-oktyabridagi 629-sonli qaroriga muvofiq, markazning asosiy vazifalari o‘laroq quyidagilar belgilangan:

  • ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar asosida davlat fuqarolik xizmatchilari uchun bazaviy, alohida lavozim yoki lavozimlar guruhi uchun kompetensiyalar modeli hamda indikatorlarini ishlab chiqish;
  • davlat fuqarolik xizmatchilarini shaxsiy-professional diagnostika qilish, kompetensiyalar modeli asosida kompleks baholash;
  • kompetensiyalarni baholash jarayonida foydalanish uchun doimiy ravishda yangi uslublarni ishlab chiqish, o‘zlashtirish va joriy qilish;
  • kompetensiyalarni baholash natijalari asosida rahbar kadrlar uchun shaxsiy-professional rivojlanish trayektoriyasini ishlab chiqish va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish;
  • rahbarlik lavozimiga nomzodlarning umumiy kasbiy bilimi, qadriyatlari va aqliy salohiyatini aniqlash bo‘yicha test sinovlarini hamda psixologik so‘rovnomalar o‘tkazish;
  • rahbar kadrlar faoliyati samaradorligini baholash va monitoring qilish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognoz qilish, ularni saralab olish va joy-joyiga qo‘yish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni va zamonaviy usullarni keng joriy etish;
  • faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ekspert-tahliliy faoliyat, ilmiy tadqiqot va izlanishlarni olib borish.

Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan imzolangan qarorda aytilishicha, Rahbar kadrlarni baholash markazi Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari va texnik ko‘maklari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni belgilangan tartibda tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Markazga o‘z faoliyatini samarali amalga oshirishi uchun tegishli soha bo‘yicha malakali mutaxassislar va ekspertlarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni belgilangan tartibda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida jalb qilish, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va boshqa buyurtmachilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tuziladigan xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosida faoliyatining asosiy yo‘nalishlari doirasida daromad keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanish, davlat fuqarolik xizmatida zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha axborot dasturlarini ishlab chiqish kabi huquqlar berilgan.

Hukumat qarorida yangi markazning manzili o‘laroq Toshkent shahri Chilonzor tumani Islom Karimov ko‘chasidagi 55-uy (Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” DUKga tegishli bino) ko‘rsatilgan.