Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida 11-iyun kuni soat 10 da keng jamoatchilikka “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev va sheriklariga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlangan.
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lumotiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi Yunusobod tuman sudi raisi M. Mirzajonov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqiladi.
“Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar S. Saidaliyev, M. Mirxodjayev, Sh. Samiyev, A. Akramov, I. Satvaldiyev, F. Alimov, R. Bobonazarov, L. Shomurodov, N. Tulyaganov, Sh. Quvatov, G‘. O‘rinboyev, U. Maxmudov, A. Nurmatov, B. Erkinov, A. Yuldashev, S. Usmonov, D. Umirzakov, T. Abdumalikov, D. Badalov, U. Raximov, D. Xoshakov, Z. Qayumov, B. Muminov, D. Yunusov, D. Sultanov, B. Samadov, X. Riskiyev, B. Rahmonov va Y. Sotivoldiyev Jinoyat kodeksining 112, 165, 168, 182, 227, 228, 229, 236, 237, 238, 242, 243, 277 va 28,211-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda”, deyilgan xabarnomada.
Bu esa “Saidaziz medgorodok” va sheriklarining o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, tovlamachilik, firibgarlik, bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, o‘zboshimchalik, tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, yolg‘on xabar berish, yolg‘on guvohlik berish, jinoiy uyushma tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, bezorilik va pora berishda ishtirok kabi jinoyatlarda ayblanayotganini anglatadi.
Qayd etilishicha, sudlanayotgan 28 kishiga nisbatan “qamoqqa olish” va 1 nafariga nisbatan esa “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat“ tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
“Saidaziz medgorodok” va sheriklari O‘zbekistonda, xususan poytaxt Toshkentda o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida qo‘lga olingan edi. Mazkur tadbirlar chog‘ida yana jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, “Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev, “Ziki eski shahar” laqabli Lutfulla Umarov, “Boxo zavxoz” laqabli Bahodir Sultonov hamda jinoyat olamining boshqa vakillari ushlangandi.
O‘tgan yarim yil mobaynida yuqorida nomi zikr etilgan shaxslardan sud hukmi bilan Salim Abduvaliyev 6 yilga, Lutfulla Umarov 6 yil-u 2 oyga, Bahodir Sultonov 10 yilga qamalgan. Baxtiyor Qudratullayev va sheriklarining sudi esa o‘tgan haftada boshlangan.
Avvalroq bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida “Baxti Tashkentskiy” ko‘chada tartib o‘rnatishni unga “davlat tashkiloti” berganini iddao qilgan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Bu bayonot ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Buning ortidan sudga raislik qiluvchi sud jarayonidan video va audio yozib olishga cheklov kiritgan. Bu borada tarqatilgan rasmiy bayonotda bu qaror “jamoatchilikda noto‘g‘ri tasavvurlar” shakllanmasligi hamda “sudga nisbatan ijtimoiy bosim ehtimoli” tufayli olingani qayd etilib, bunga mahalliy qonunchilik izn berishi va bunday tartib xalqaro amaliyotda ham qo‘llanilishi urg‘ulangan.
Ayni paytda “sudning mazkur ajrimi sud majlisida jurnalist va blogerlarning ishtirokini uzil-kesil ta’qiqlamasligi”ga ta’kidlangan.
“Ya’ni, ular jarayonni bevosita kuzatishi, o‘zlari uchun zarur qaydlar qilib borishi hamda turli bashorat va taxminlarga berilmagan holda axborotlar e’lon qilishiga mone’lik yo‘q”, deyilgan Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarnomada.