3 - dekabr kuni chet el diplomatik korpus vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tgan anjumanda Toshkentning yuqori martabali rasmiylari so‘z va matbuot erkinligini suiiste’mol qilishning salbiy oqibatlaridan ogohlantirdi.
Mulozimlarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi borasida “fundamental”, “ortga qaytmas” ijobiy o‘zgarishlar yuz bergan.
Anjumanda qatnashgan BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer o‘zbek rasmiylarini mustaqil OAV vakillarini erkin ishlashiga yo‘l berish bo‘yicha BMT talablarini to‘liq bajarishga chaqirdi.
Rasmiylarning bayonoti AOKAning mamlakatdagi qator nashrlarga ogohlantirish xati yuborishi ortidan yangramoqda. O‘tgan hafta yuborilgan xatda Kun.uz va boshqa qator mustaqil nashrlar aholining gaz va svet muammosi, shuningdek, koronavirus statistikasiga rasmiylarnikidan farqli yondashgani bois "jiddiy oqibatlar"dan ogohlantirilgan.
Mazkur ogohlantirish Toshkentdagi qator g‘arb diplomatlarining tanqid va xavotirlariga sabab bo‘lgandi. Ammo aftidan, ayni tanqidlarga javob sifatida chaqirilgan matbuot anjumanida mustaqil nashrlarga bosimlar tilga olinmadi. Mojaroga sabab bo‘lgan xat muallifi, AOKA rahbari Asad Xodjayevning blogerlar himoyasiga aytgan so‘zlari esa, anjumanda qatnashgan jurnalistlardan birining aytishicha, kamida hayratga sabab bo‘lgan.
Matbuot erkinligiga bag‘ishlangan anjumanning aynan mustaqil jurnalist va blogerlar bilan ochiq muhokamalar qismi hech bir izohsiz efirdan uzib qo‘yildi.
Toshkent city dagi anjuman
Xalqaro press-klubning “Konstitutsiya va qonunchilikda so‘z hamda matbuot erkinligi. O‘zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari” mavzusidagi 3 - dekabr kungi davra suhbati Toshkent city Kongress-hollida bo‘ldi.
Yig‘ilishda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Oliy Majlis Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va AOKA direktori Asadjon Xodjayevlar qatnashdi.
So‘z va matbuot erkinligiga bag‘ishlangan bu tadbir, o‘tgan hafta mamlakatda Prezident Administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan oshkora bosim kampaniyasi kuzatilgan bir paytda o‘tkazilgani uchun jamoatchilik diqqatini tortdi.
Ammo tadbirda bu mojaro umuman tilga olinmadi.
Biroq Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Senat raisi Sodiq Safoyevning so‘zlari AOKA tomonidan xususiy nashrlarga yo‘llangan ogohlantiruv maktublari yo‘llanishiga bilvosita izoh sifatida yangradi.
A. Komilov: Demokratik qadriyatlar jamoat tartibini buzish uchun bahona bo‘lmasligi kerak!
Tashqi ishlar vaziri A. Komilov O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligi borasida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar bo‘lganini qayd etarkan, avvalgi prezident Islom Karimov davrida milliy xavfsizlikka tahdid masalasi “ro‘kach qilinib”, inson huquqlari ta’minlanmay kelganini xotirlatdi.
Ammo so‘ngra demokratik huquq va erkinliklar "jamoat tartibi va qonunlarni buzish uchun bahona bo‘lmasligi kerak”, deb ogohlantirdi:
“Bu bilan nima demoqchiman? Masalan, so‘nggi paytlarda ayrim, hattoki demokratik rivojlangan mamlakatlarda ham ommaviy kayfiyatlarning keskinlashuvi natijasida huquqiy tartibning buzilishiga, tartibsizliklarga, o‘t qo‘yishlarga va hatto odamlarning qurbon bo‘lishiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu qonunbuzarliklarning barchasi demokratik huquq va erkinliklarni suiiste’mol qilish orqali sodir etilgan. Natijada biz tabiiy bir xulosaga keldik: mamlakatning barqarorligi, xavfsizligi va demokratik rivojlanishi faqat davlat va jamiyatning yaqin konstruktiv hamkorligi sharoitidagina ta’minlanishi mumkin. Yuqorida aytib o‘tganimday, davlat milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun inson huquqlarini poymol qilmasligi, demokratik erkinliklar esa, barcha uchun barobar qonunlarni buzish uchun qo‘llanmasligi lozim”.
R. Davletov: fake news va hate speech holatlariga chora ko‘rishimiz kerak!
Ayni xulosani Adliya vaziri Ruslanbek Davletov hamda Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham quvvatladi.
Jumladan, Adliya vaziri so‘z va matbuot erkinligi, shaxs erkinligi mustaqil O‘zbekistondagi qonunlarda yillar avval belgilangani, bu qonunlar bugunga kelib amalda qo‘llana boshlagani, bu esa prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy irodasi mahsuli ekanini ta’kidladi.
Ammo ayni paytda bugunga kelib O‘zbekistonda rivojlanayotgan axborot texnologiyalari va ijtimoiy tarmoqlar voqeligida jamiyat va hukumatning munosabatlari “chigallashgani”ni qayd etarkan, jurnalist va blogerlarni qonuniy chegaralardan ogohlantirdi:
“Yashash huquqida chegara bo‘lmasligi kerak, bu oliy ne’mat. Ammo boshqa huquqlarda chegara bo‘lishi kerak. Bu umumjahon yondoshuvi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ham bor. Faqat bu cheklovlar demokratik jamiyatda kerak bo‘lgan aqlli, oqilona cheklovlar bo‘lishi kerak. Xavfsizlik, hududiy daxlsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan, bolalar huquqlari yoki shaxsiy daxlsizlik masalasida cheklovlar bo‘ladi. Tuhmat, haqorat haqida gap ketyapti hozir. Albatta, o‘zi umuman, bugungi O‘zbekiston sharoitida cheklovlar haqida kamroq gapirishimiz kerak. Cheklashga juda ustamiz. Shu paytgacha buni yaxshi uddalab kelganmiz. Ommaviy axborot vositalari va qonunchilik o‘rtasidagi qandaydir muammoli masala tug‘ilsa, sudga borilishi kerak. Afsuski, bizda sudga beribdi deyilsa, juda katta voqelikka aylanib ketyapti. Aslida biz bunga ko‘nikishimiz kerak, bu normal jarayon”.
Adliya vaziri, shuningdek, fake news (soxta xabar) va hate speech (nafrat qo‘zg‘atuvchi chiqish) jumlalarini ham tilga oldi va bunga qarshi kurashish uchun mukammal qonuniy baza yaratish vazifasi turganini aytdi.
S. Safoyev: ijtimoiy tartibni saqlash uchun cheklov bo‘ladi
R. Davletovdan so‘ng so‘z olgan Sodiq Safoyev ham milliy xavfsizlik va ijtimoiy tartibni saqlash uchun cheklov bo‘lishi kerakligini urg‘uladi.
Ayni paytda davlat tashkilotlari va ularning matbuot xizmatlarini informatsion bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi:
“O‘zbekistonda vaziyat keskin o‘zgardi. Odamlar nafaqat ularga taqdim etilayotgan yangiliklarning passiv iste’molchisi, balki axborot mezonini to‘ldirishning faol ishtirokchisiga aylandi. Bu fundamental o‘zgarish... Jurnalistlar to‘rtinchi hokimiyatga aylanyapti. Ularning tanqidiy faoliyati taraqqiyot uchun muhim omil sifatida shakllanmoqda. Informatsion vakuum bo‘lishi kerak emas. Vakuum paydo bo‘lsa, uni noprofessional va noto‘g‘ri manbalar bilan to‘ldiradi”,- dedi Safoyev.
BMT vakili Toshkentga majburiyatlarni eslatdi
Toshkent rasmiylarining bu chiqishlari orasida chet ellik diplomatlarga ham so‘z berildi.
BMTning O‘zbekistondagi koordinatori Xelen Frezer ham gapi boshida so‘z va matbuot erkinligi sohasidagi o‘zgarishlarni olqishladi.
Ayni paytda O‘zbekistonda hanuz “o‘zini o‘zi senzura qilish”, normativ va huquqiy sohada muammolar borligi, hukumat idoralari matbuotni o‘zi uchun xatar emas, sherik deb bilishi kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston hukumatiga so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasida o‘z zimmasiga olgan va BMT Inson huquqlari qo‘mitasi tomonidan qo‘yilgan talablarni xotirlatdi:
“Bu sohadagi taqiqlar fuqarolar va siyosiy huquqlar bo‘yicha kelishuvning 19-bandiga zid. Hukumat bloger va OAV vakillari erkin ishlashi uchun yo‘l berishi kerak. Aks holda ularga himoya choralarini ko‘rish zarurati paydo bo‘ladi”.
BMT diplomati davlat tashkilotlari axborot olishga taqiq qo‘ymasligi kerak, deb ta’kidlarkan, ayrim rahbarlar bugungi voqelikka moslashishga zo‘r berib harakat qilayotgani, ayrimlari esa bu jarayonlarni hanuz tushunmaganini aytdi.
AOKA rahbari blogerlar himoyachisiga aylandi
AOKA rahbari Asadjon Xodjayev o‘tgan haftadan buyon o‘zbek va xorij matbuotida, mamlakatdagi mustaqil nashrlarga nisbatan kuzatilgan bosim kampaniyasining rahbari sifatida tanqid qilinmoqda.
26 va 27 - noyabr kunlari Kun.uz, Gazeta.uz, Podrobno.uz va Daryo.uz nashrlari ba’zi tanqidiy chiqishlari uchun “huquqiy oqibatlardan” AOKA rasman ogohlantirganini bildirgan va buni o‘zlariga nisbatan bosim, deb baholagan edi.
AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya diplomatlari hamda chet el inson huquqlari himoyachilari bu holatni, Shavkat Mirziyoyev va’da qilgan islohotlar ruhiga zid deb atagan va prezidentdan zudlik bilan vaziyatga aralashishni so‘ragan.
3 - dekabr kungi yig‘inida bu kampaniya umuman tilga olinmadi. AOKA rahbari ham bu holatga izoh bermadi. Aksincha, Xodjayev bloger va jurnalistlarning himoyachisi pozitsiyasidan turib gapirdi.
“Biz ba’zida OAV vakillari va blogerlar bunda aybdor, degan gaplarni eshitamiz. Yo‘q, bu yerda davlat boshqaruvi organlari jurnalistlar bilan muloqotga tayyor emas. Agar davlat organlari tezkorlik bilan javob qaytarsa, asossiz ma’lumotlar, fikrlar bildirilishiga o‘rin qolmaydi. Shuning uchun biz doimiy ravishda davlat organlari ochiqligini ta’minlash borasida muloqotni kuchaytirishimiz kerak deb bilamiz», dedi AOKA direktori.
Jurnalist va blogerlar savollari efirga chiqarilmadi
Matbuotga bag‘ishlab o‘tkazilgan yirik anjumanning jurnalist va blogerlar so‘z berilgan qismida jonli efir Uzreport telekanalidan uzib qo‘yildi. Ayni paytda YouTube ijtimoiy tarmog‘idagi translyatsiya ham to‘xtatildi.
Tadbirda qatnashgan jurnalist va blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yozishlaricha, yig‘inning efir yuzini ko‘rmagan qismida juda qiziq va jiddiy muhokamalar bo‘lgan.
Jurnalist va blogerlar tilga olgan savol hamda e’tirozlar AOKA agentligiga qaratilgandi.
Jumladan, Zafarbek Solijonovning yozishicha, O‘zA jurnalisti Anora Sodiqova Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovga "xorij tajribasida ham bizdagidek OAVni nazorat qiluvchi AOKAdek tashkilotlar bormi-yo‘qmi?" deb savol bergan.
“Akmal Saidov umumiy gaplar bilan olib qochishga harakat qildi. Regulyator vazifasini o‘taydigan tashkilotlar uchrashini aytdi. Anora bosiqlik bilan savolga aniqlik kiritib, qaysi davlatlarda AOKAdek tashkilotlar bor-yo‘qligini aytishini qayta so‘radi. Biroq Saidov ovozini balandlatib, norozi ohangda "menga chetda bunaqa tashkilot yo‘q demang", deb javob qaytardi. Bu bilan Saidov chet el diplomatlari oldida doim o‘zi bayroq qiladigan va ko‘p hollarda amal qilmaydigan jurnalist bilan muomala madaniyatidan biroz chetga chiqqandek tuyuldi menga”.
Solijonovning yozishicha, "Adabiyot" gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Karim ham shu yilning iyul oyida gazetaning soxta nusxalari chop etilgani, gazeta xodimlari AOKA binosiga olib borilib qo‘rqitilgani, ulardan gazeta bilan hamkorlik qilmasligi haqida tushuntirish xatlari olinganini aytgan.
“Bu holatni Senat raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev diqqat bilan tingladi va Baxtiyor Karim esa, Safoyevdan holatga alohida e’tibor qaratishini so‘radi. Shu o‘rinda hamkasbimning bu holatiga avval unchalik jiddiy qaramaganim uchun uzr so‘rayman va bu ishni shaxsan prezident Mirziyoyev nazoratiga olishini istab qolaman”.
Taniqli bloger Shahnoza Soatovaning yozishicha, jurnalist Mavjuda Mirzayeva jurnalistlarga bosimlar bo‘layotgani, xususan, o‘zining ishdan bo‘shatilganini aytgan, yana bir jurnalist esa “ichki senzurani yo‘qotish uchun tashqi senzurani yo‘qotish kerak” degan fikrni ilgari surgan.
“Qolganlarga mikrofon tegmadi, vaqt etmadi... Moderator Sherzod Qudratxo‘jayev jonli efir uzib qo‘yilishiga sabab qilib reglamentni va efir uchun olingan vaqt tugaganini aytdi (Youtube ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyani ulab qo‘yish mumkin edi, masalan). Shaxsiy fikrim: moderator tadbir reglamentini va unga ajratilgan vaqtni avvaldan bilar edi. 2 soatlik tadbir uchun 12 ta(!) spiker chaqirish maqsadga muvofiqmidi?", deb yozdi Shahnoza Soatova.