Toshkentdagi yuzlab korxona gazdan uzib qo‘yildi

Illyustrativ surat

Toshkent shahrining Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida faoliyat olib boruvchi ishlab chiqarish korxonalari gazdan uzib qo‘yildi. Bu haqda xabar qilgan Kun.uz nashri biznes egalari oldindan milliardlab so‘mlik buyurtmalar olib qo‘ygani, agar gaz berilmasa, ular kasod bo‘lishidan ogohlantirdi.

Ko‘plab korxonalar faqat tabiiy gazga tayanib ishlaydi. Cheklovlar sharoitida muqobil energiyaga o‘tish xarajatlari tadbirkorlarga og‘irlik qiladi, qo‘shimcha vaqt va mablag‘ talab etadi. Yakunda mahsulot va xizmat narxlari qimmatlashishi, ish o‘rinlari qisqarishi mumkin”, deb yozgan nashr.

“Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, “gaz yetkazib berish kafolatlanmagan 15 mingdan ortiq tadbirkorlar ro‘yxati shakllantirilgan. Ular bosqichma-bosqich tarmoqdan uzilyapti”.

Mas’ullar tadbirkorlarni gazdan uzishga asos sifatida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-mayida qabul qilingan “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorini keltirgan.

Ushbu qarorda ob-havo sovib ketgan paytda maishiy iste’molchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda to‘liq o‘chiriladigan, qisman o‘chiriladigan va cheklov kiritiladigan iste’molchilar ro‘yxati shakllantirilishi belgilangan.

Ayni paytda tadbirkorlar oxirgi 10 kun mobaynida Toshkent shahrida harorat manfiyga tushmagani, havo iliq ekaniga e’ibor qaratgan.

Eslatib o‘tamiz, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov yaqinda O‘zbekistonda harorat -10, -20 darajagacha pasaygan taqdirda ham aholi va iqtisodiyotni energiya bilan ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejasi hozirlangani, mamlakat prezidenti mutasaddilarga cheklovlarsiz, uzluksiz elektr ta’minotini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berganini aytgandi.

Bir haftacha avval vazirlik matbuot xizmati issiqxona xo‘jaliklariga gaz yetkazib berishda cheklovlar mavjudligini rad etib, “issiqxona egalari belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan holda tabiiy gazdan foydalanish imkoniyatiga ega” ekani haqida bayonot bergandi.