Toshkentning bosh transportchisi sudida foto va video taqiqlandi

Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi binosi.

23-sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida “Toshshahartransxizmat” AJning sobiq raisi Anvar Jo‘rayevga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi.

Gazeta.uz” nashri xabariga ko‘ra, sud jarayoni ochiq bo‘lishi aytilganiga qaramay, sudya jurnalistlarga foto, video, shuningdek, audioyozuvlar olishni taqiqlagan.

Sudlanuvchilarning aksari ayblov xulosasi olmagani sabab jinoyat ishini ko‘rib chiqish 30-sentyabrgacha qoldirgan.

Toshkent shahri transport boshqarmasi boshlig‘i va “Toshshahartransxizmat” boshqaruvi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan Anvar Jo‘rayev 2024-yil 7-fevral kuni Bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasiga binoan qo‘lga olingandi.

Poytaxtning sobiq bosh transportchisi qo‘l ostidagi mulozimlar bilan til biriktirib, ehtiyot qismlar va yonilg‘ini o‘g‘irlashda ayblanmoqda.

Sudya Umidbek Musayev raisligida ko‘rilayotgan jinoyat ishi doirasida jami 21 kishiga ayblov e’lon qilingan. Ular orasida Abdujamil Azizov (“Toshshahartransxizmat” boshqaruv raisi o‘rinbosari), Najmiddin Davlatov (boshqaruv raisi o‘rinbosari), Husan Mahkamov (“Toshavtota’mirxizmat” raisi) , Bekzod Ibragimov (8-avtobus saroyi rahbari), Dilshod Ashirmatov (1-avtobus saroyi rahbari) kabi sobiq mulozimlar bor.