“Toshturma”dagi mahbuslar sharoit yomonligidan nolimoqda

Illyustrativ surat

El orasida “Toshturma” nomi bilan tanilgan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahbuslar ayni kunlarda muassasada suv ta’minotida jiddiy uzilishlar bo‘layotganligi, xususan sutkasiga atigi 4-6 soat suv berilayotganidan norozilik bildirishmoqda. Bu haqda advokat Abdumalik Abdullayev o‘z telegram-kanali orqali ma’lum qildi.

Advokat “Toshturma”dagi kameralarda belgilangan me’yordan ortiq mahbus saqlanayotgani, mahbuslarning sog‘lig‘i borasida yetarlicha qayg‘urilmayotgani, tibbiy xizmat talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani norozilik ko‘lamini kuchaytirayotganini urg‘ulagan.

Shu munosabat bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ni zudlik bilan yuqoridagi holatlarni o‘rganib, tegishli munosabatini bildirishga chaqiramiz”, deb yozgan advokat A. Abdullayev.