Tramp: Mask davlat byurokratiyasini qisqartirish bilan shug‘ullanadi

Donald Tramp va Ilon Mask saylovoldi mitingida (arxiv surati)

Tadbirkorlar Ilon Mask va Vivek Ramasvami shishib ketgan davlat apparatini qisqartirish va qayta tashkil etish maqsadida tuzilajak yangi muvaqqat tuzilmaga yetakchilik qilishadi. Bu haqda AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp 12-noyabr kuni ma’lum qildi.

Donald Trampga ko‘ra, ikki tadbirkor davlat xizmatlarida “radikal o‘zgarishlar” tashabbusi bilan chiqishi kerak bo‘lgan “Hukumat samaradorligi bo‘yicha boshqarma”ga mas’ul etib tayinlangan.

Byurokratiyasi kamroq bo‘lgan yanada samaraliroq hukumat Mustaqillik deklaratsiyasining 250 yilligiga amerikaliklar uchun ajoyib sovg‘a bo‘ladi”, deyilgan Donald Trampning bayonotida.

Yangi boshqarmaning maqsadi, Tramp qaydicha, “davlat byurokratiyasi demontaji, haddan ziyod regulyatsiyani kamaytirish, samarasi bo‘lmagan xarajatlarni kamaytirish va federal xizmatlarni qayta tashkil etish”dan iboratdir. Boshqarma 2026-yil iyuliga borib o‘z faoliyatini tugatishi lozim.

SpaceX va Tesla shirkatlari asoschisi Ilon Mask hamda Roivant Sciences farmatsevtika shirkati ta’sischisi Vivek Ramasvani davlat xarajatlarini qisqartirish hamda iqtisodiyotda davlatning boshqaruvchilik rolini kamaytirishga oid chaqiriqlari bilan tanilishgan.

Mask saylangan prezidentga davlat byudjetini 2 trillion dollarga qisqartirishda yordam berishga tayyorligini bildirgan. Tadbirkor bu ishni qay yo‘l bilan amalga oshirmoqchi ekani noma’lum. Ayni paytda iqtisodchilar Trampning soliqlarni qisqartirishga oid va’dasi davlat qarzi keskin oshib ketishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqdalar.

Saylangan prezidentning bayonotida yangi tuzilmaga oid hech qanaqa tafsilot yo‘q, u yerda boshqarma “hukumatdan tashqarida” faoliyat olib borishiga oid jumla bor, xolos.