Tramp “transgender telbaligi”ni to‘xtatishni va’da qildi

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp, Arizona, 2024-yil 22-dekabri

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp prezidentligining ilk kunidayoq “transgender telbaligi”ni to‘xtatishga va’da berdi.

“Men bolalarni jinsiy jihatdan mayib etilishini to‘xtatish haqidagi farmonni imzolayman, armiyadagi hamda boshlang‘ich, o‘rta va yuqori maktablarimizda transgenderlik siyosatidan voz kechaman”, degan Tramp Arizona shtati markazi Feniksda o‘tkazilgan yosh konservatorlar tadbirida. Uning so‘zlarini Frans Press agentligi keltirgan.

U “erkaklarni ayollar sportiga qo‘ymaslik”ka ham va’da berib, “Qo‘shma Shtatlar hukumati rasman faqat ikkita jins – erkak va ayol jinsini tan olishi”ni qo‘shimcha qilgan.

Tramp AQSH tarixida deportatsiya bo‘yicha eng yirik amaliyotni boshlashini ham bildirgan.

“Oq uydagi ilk kunimda chegaralarimizni noqonuniy migrantlarga yopish va mamlakatimizga bostirib kirilishini to‘xtatish uchun qator tarixiy hujjatlarni imzolayman. Shu kunning o‘zida biz deportatsiya bo‘yicha Amerika tarixidagi eng yirik amaliyotni boshlaymiz”, deya qayd etgan AQSHning saylangan prezidenti.

Tramp AQSHning Panama kanali ustidan nazoratini tiklash bo‘yicha va’dasini ham takrorlagan.