Trampga suiqasdda gumonlangan shaxsga ayblov e’lon qilindi

AQSH Federal tergov byurosi xodimlari Vest-Palm-Bichdagi otishma joyida, 2024-yil 15-sentyabri

Respublikachilar partiyasidan AQSH prezidenti lavozimiga nomzod Donald Trampga suiqasdda gumonlangan Rayn Rutga noqonuniy ravishda qurolga ega bo‘lganlik ayblovi bildirilgan. Bu haqda CNN xabar qildi.

Ayblov ikki banddan iborat bo‘lib, ularning biri sudlangan bo‘la turib o‘qotar qurol saqlaganlik, ikkinchisi esa seriya raqami o‘chirilgan qurol saqlaganlikdir.

Palm-Bich prokurori fikricha, Rutni ochiq-oydin Trampga qarshi jinoyatda ayblash mushkul bo‘ladi. Gumonlanuvchi muhtamal suiqasd chog‘ida undan 300 metrdan 500 metrgacha bo‘lgan, bu Rut aynan sobiq prezidentni nishonga olganini taxmin qilish uchun juda uzoq masofadir.

Mazkur ish bo‘yicha tinglov 23-sentyabrga belgilangan. Florida shtatining Vest-Palm-Bich shahridagi golf maydonida yaqinda 15-sentyabr kuni Donald Trampga suiqasd urinishi o‘laroq ko‘rilgan hodisa ro‘y bergani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan.

OAV xabarlariga ko‘ra, Rut avval ham bir necha bor huquqbuzarlik sodir etgan. U AQSH nashrlariga Afg‘oniston armiyasining sobiq askarlarini Ukraina Qurolli kuchlarida xizmat qilish uchun yollashga uringani va 2022-yilda bir necha oy Ukraina hududida bo‘lgani haqida ham gapirgan.

Suiqasdning maxfiy xizmat agenti golf maydonini o‘rab turgan butalar orasidan avtomat tumshug‘i chiqib turganini ko‘rgach, o‘sha tomonga ogohlantiruvchi o‘q uzgani ortidan oldi olingan. Donald Tramp o‘sha paytda golf o‘ynayotgan bo‘lgan.

Rut avtomobilda qochishga uringan, biroq tez orada guvohlar ko‘magida qo‘lga olingan. Golf-klubni avtoyo‘ldan ajratib turuvchi panjarali to‘siq ortidagi butalar orasidan mergan nishoni o‘rnatilgan yarim avtomatik miltiq hamda videokamera topilgan.

Gumonlanuvchining suiqasdga undagan sabab nima ekani hozircha noma’lum. Associated Press agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yilda u ijtimoiy tarmoqlarda Donald Trampni dastaklashi haqida yozib kelgan, biroq so‘nggi paytlarda Jo Bayden va Kamala Harris tarafdoriga aylangan.