Turkiya Ichki ishlar vazirligiga qarashli Silivri deportatsiya markazidan 34 nafar o‘zbekistonlik ayol ozod qilinib, vataniga qaytarilgan. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Qayd etilishicha, qo‘mita tashabbusi bilan joriy yilning 21-25-aprel kunlari O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati, TIV, IIV va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul va Bursa shaharlarida ko‘chma qabullar uyushtirgan.
Migrant ayollarni odam savdosi va boshqa jinoyatlar qurboniga aylanishdan himoya qilish maqsadida tashkil etilgan bu qabullar chog‘ida, ma’lumotlarga ko‘ra, 255 nafar ayolning muammosi o‘rganilgan.
Safar chog‘ida 34 nafar ayolni Silivridagi deportatsiya markazidan ozod qilishdan tashqari 4 nafar ayolga qonuniy yashash huquqini beruvchi hujjatlar shakllantirilgan va 100 dan ziyod ayolga huquqiy yordam ko‘rsatilgan.
Qo‘mita qaydicha, yana 3 nafar ozodlikka chiqarilgan hamda “2 nafar og‘ir ahvoldagi bemor Transport vazirligi hamkorligida tibbiy xizmat ko‘rsatilgan holda O‘zbekistonga olib kelingan.
Qo‘mita xabarnomasida 3 nafar ayolning qayerdan ozod qilinganiga aniqlik kiritilgan emas.