Turkiyada aviahalokat oqibatida to‘rt kishi nobud bo‘ldi

Turkiyaning Mug‘la viloyati (illyustrativ surat)

Turkiyaning Mug‘la viloyati markaziy tumani bo‘lmish Menteshe markazida qutqaruv xizmati vertolyoti kasalxona binosiga borib urilgan. Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi hodisa chog‘ida to‘rt kishi nobud bo‘lganini ma’lum qildi. Bular ikki uchuvchi, vrach va uning yordamchisidir. Hodisaga quyuq tuman sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Vertolyot parvozdan ko‘p o‘tmay qulagan. Taxminlarga ko‘ra, uchuvchilar murakkab ob-havo sharoitida vertolyotni boshqarolmay qolgan bo‘lishlari mumkin. Vertolyot kasalxona binosi devoriga borib urilib, bo‘sh yotgan maydonga qulagan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, terror xuruji gumoni yo‘q. Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi halok bo‘lganlarning oila a’zolariga ta’ziya bildirgan.