Turkman faollari Turkiyada turib o‘z hukumatlarini tanqid qilmoqda. Bundan ularga xavf bormi?

Turkiyadagi turkman faollari Turkmanistonning avtoritar hukumatini tobora ko‘proq tanqid qilmoqda. Bu turkman rasmiylarining e’tiborini tortgan va ular qarshi choralar ko‘rayotganga o‘xshaydi.

Turkmaniston dunyoning eng mustabid davlatlaridan biridir. Mamlakatda hukumatga qarshi kayfiyat bo‘y ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi, prezident Gurbanguli Berdimuhamedov rejimiga sal tegib ketadigan gap aytgan kishining ovozini tezda o‘chirishadi.

Biroq so‘nggi yillarda Turkmaniston xorijida yashovchi turkmanlar Berdimuhamedov hukumatiga qarshi tobora keskin fikr bildirishmoqda, ulardan ayrimlari esa – Qo‘shma Shtatlar, qator Yevropa mamlakatlari, Rossiya, Turkiya va Shimoliy Kiprdan ommaviy chiqishlar qilmoqda.

Biroq Turkiyadagi ba’zi faollarning so‘zlariga ko‘ra, turkman hukumati ularning og‘zini yumishga urinmoqda.

Turkmaniston Lebap viloyatida tug‘ilgan 30 yoshli Dursulton Taganova turkman hukumatining Turkiyadagi eng taniqli tanqidchilaridan biriga aylandi, ammo bu mashhurlikning to‘lovi bor.

“26 - sentabr kuni sahar vaqti, soat 5:15 turk politsiyasidan kelishibdi. O‘sha kuni men uyda emasdim. So‘ngra politsiya bo‘limiga chaqirishdi. Shunda tushundimki, nimadir bo‘lyapti”, degan Dursulton Ozodlikning turkman xizmatiga.

Dursulton Taganova

Taganova bo‘limga kelganida u qo‘lga olinib, deportatsiya markaziga jo‘natilishi lozim bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga tushganligini ma’lum qilganlar.

Dursulton bunaqa vaziyatga birinchi marta tushayotgan bo‘lmasa-da, baribir Turkmanistonga qaytarib yuborishlarini o‘ylab tashvishga tushgan.

Ammo 29 - sentabr kuni uni qo‘yib yuborganlar.

Taganova hozirda Fransiyada istiqomat qilayotgan turkman tadbirkori Murod Qurbonov tomonidan 2020 - yilda tuzilgan “Turkmanistonning demokratik tanlovi” (TDT) muxolifat guruhiga kirgan. Guruh a’zolarini chet elda yashayotgan turkmanlar, asosan mehnat migrantlari tashkil qiladi.

Taganova Ozodlikning turkman xizmatiga qo‘lga olinib, deportatsiya markaziga yuborilishi lozim bo‘lganlar ro‘yxatida u bilan birga 25 kishi bo‘lganini, ularning barchasi tez-tez chiqish qiladigan eng faol vatandoshlar ekanini aytdi.

Dursultonga ko‘ra, u va boshqa dissidentlar Turkmanistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun har kuni ijtimoiy tarmoqlarda jonli yoyin tashkil qilishadi.

– Yoyinlarda bizga qanday o‘zarishlar zarurligi haqida fikrlashamiz, Turkmanistonda bo‘layotgan ta’qiblar va qonunsizlik, korrupsiya to‘g‘risida gaplashamiz, – deydi u.

Taganovaning aytishicha, uning 20-25 ming chog‘li obunachisi bor, har kuni yoyinlarini olti-yetti ming kishi tomosha qiladi.

Turkman hukumati esa, aftidan, bu ommaviy muhokamalarga toqat qilmoqchi emas.

Turkmaniston ichkarisida hukumat axborot tarqalishini qattiq nazorat qiladi. Fuqarolarga asosan “Berdimuhamedovning oqilona rahbarligi ostida” erishilgan ulkan yutuqlar va respublikaga “butun dunyo havas qilishi” haqidagi “to‘g‘ri” axborotgina beriladi.

Ammo bu tantanavor gaplar haqiqiy ahvolni aks ettirmaydi: mamlakat bir necha yildan beri oziq-ovqat tanqisligini boshidan kechirmoqda, do‘konlarda va hatto naqd pul beruvchi bankomatlar oldida uzun navbatlar kuzatiladi.

Turkmaniston aholisining taxminan 60 foizi doimiy ish o‘rniga ega emas, bu paytda esa Berdimuhamedov oilasi milliardlab dollar mablag‘ni o‘zlashtirmoqda.

Vatandagi ishsizlik yuz minglab turkmanlarni tirikchilik dardida chet elga mehnat migratsiyasiga ketishga majbur etayotir.

Turkman hukumati mamlakat ichida muxolifatni jilovlab olgan, ammo turmush sharoiti keskin yomonlashgani manzarasida ishchi migrantlar orasida norozilik kuchayib bormoqda.

Taganova turkman hukumatiga qarshi o‘tkir tanqidiy chiqishlarini dunyoga koronavirus infektsiyasi tarqalganidan so‘ng boshlagan edi. Uni rasmiylarning go‘yo mamlakatda COVID-19 yuqtirgan bemorlar yo‘qligi haqidagi absurd bayonotlari shunday qilishga undadi.

2020 - yil 19 - iyul kuni Dursulton 80 nafar faol qatorida Turkmanistonning Istanbuldagi konsulxonasi yonida qo‘lga olindi – ular turkman hukumatining mamlakatda koronavirus yo‘qligi haqidagi iddaolariga qarshi norozilik aksiyasiga chiqishgan edi.

Ushlanganlar o‘sha kuniyoq qo‘yib yuborildi, ammo Taganovani pasport muddati tugagani uchun olib qoldilar.

Faol Istanbuldagi deportatsiya markazida qariyb uch oy yashadi va xayrli tasodif tufayligina Turkmanistonga jo‘natilishdan qutulib qoldi: pandemiya tufayli reyslar bekor qilingan edi.

Huquqbonlik tashkilotlari Taganovaning og‘ir ahvolidan xabar topdi va 2020 - yil 12 - oktabr kuni “Human Rights Watch” 11 huquqbonlik guruhining Dursultonni Turkmanistonga jo‘natib yubormaslik to‘g‘risidagi murojaatini e’lon qildi.

HRWning Yevropa va Markaziy Osiyo sho‘’basi direktori Hyu Uilyamson o‘z bayonotida “Turkmaniston, ma’lumki, hukumatni tanqid qiluvchilarni ayovsiz ta’qib etadi. Dursulton Taganovaning mamlakatga qaytishi uni jiddiy tahdidlarga yo‘liqish va qiynoqqa solinish xavfi ostiga qo‘yadi”, deb aytdi.

Taganova o‘sha kuniyoq ozod etildi va u deportatsiya markazida Turkiyadan boshpana berishlarini so‘rab ariza yozdi.

Hozirda u Turkiyada qonuniy yashamoqda, ammo 2020 - yilda qo‘lga olinganidan beri hayotida ancha-muncha o‘zgarishlar yuz berdi.

Turkman hukumati u tug‘ilgan Lebap viloyatida uni yomonotliq qildi.

Taganova Turkiyada hibsdan bo‘shatilgach, Lebap markazi bo‘lmish Turkmanobodda va boshqa shaharlarda uning ishlarini qoralash uchun jamoat tashkilotlari, ayollar kengashlari, maxsus xizmatlar, IIV va prokuratura vakillari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazildi.

U yaqinda Ozodlikka bildirishicha, bir necha oy muqaddam Turkiya migratsiya xizmati chaqirib, “Turkiya va Turkmaniston aloqalari birmuncha chigallashdi, shuning uchun har xil mitinglar o‘tkazishni bas qiling”, deya ogohlantirishgan.

Taganova norozilik aksiyalariga chiqmaganini, shunchaki, Turkmaniston siyosatini muhokama qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlar tashkil qilishini aytadi.

“Shunda ular hatto jonli yoyin qilishimni ham taqiqlab qo‘yishdi”, deydi u va baribir Turkmanistondagi korrupsiya va adolatsizliklar haqida ijtimoiy tarmoqlarda gapirishda davom etganini qo‘shimcha qildi.

Taganova Turkiyada muammolarga duch kelgan yagona muxolifatchi emas.

11 - oktabrda Istanbulda uch nafar turkman faoli hujumga yo‘liqdi. Hamla ortida Turkmaniston xavfsizlik vazirligi turganiga ularning ishonchi komil.

Faollardan biri – Nurmuhammad Annayev Ozodlik radiosiga hujum qilgan besh kishidan biri Lebap viloyati shevasida so‘kinganini aytdi.

O‘sha kuni Annayev qo‘lidan jarohat olgan, Aziz Mamedov ismli yana birining burni singan, Baxtiyor ismli uchinchi faol esa boshidan shikastlangan.

Annayevning aytishicha, o‘sha kuni, hujumdan birmuncha oldin uchovlon G‘arb nashrlaridan birining muxbirlari bilan uchrashishgan, keyin internetda jonli yoyin qilishgan.

Annayev YeXHT tadbirida ishtirok etish uchun Varshavaga jo‘nab ketishi kerak bo‘lgan, faol u yerda turkman hukumatini tanqid qilib nutq so‘zlashni rejalashtirgan.

Yana bir holatda esa 1 - avgust kuni turkman konsulligi oldida miting qilayotgan faollar guruhi notanish odamlarning hujumiga duchor bo‘lgan edi. Faollar ularni konsullik xodimlari yollaganini iddao qilishadi.

Hujum natijasida ikki faol qo‘li va qornidan tig‘ jarohati olishdi.

Turkman faoli Farhod Durdiyev 1 - avgust kuni norozilik aksiyasida qatnashish uchun uyidan chiqqan. Turkman konsulligi binosiga 400 qadamcha qolganida ikki kishi uni Lebap viloyatini anglatuvchi LB harf belgili mashinaga “bosib”, konsullik hududiga keltirishadi.

Durdiev Ozodlik bilan suhbatda konsullik binosida uni kaltaklashgani va tahdid qilishgani haqida so‘zlab bergan.

Turkmanistondagi hukumatparast blogerlar chet eldagi faollarning chiqishlariga javoban, ularning oila a’zolaridan intervьyu olib, e’lon qilinmoqda.

Aynan Durdiyev voqeasida ham qo‘shtirnoq ichidagi bir bloger uning onasidan “yo‘lidan adashgan o‘g‘il” haqida intervyu olgan.

Ammo Turkmanistondan tashqaridagi faollar to‘xtamoqchi emas. Ular o‘z vatanlaridagi real ahvolni dunyoga anglatishni xohlashadi.