Turkmaniston Rossiya bilan gaz shartnomasini bekor qildi

Illyustrativ surat

Rossiya bilan Turkmaniston o‘rtasidagi gaz shartnomasi bekor qilingan va turkman gazining Rossiyaga eksporti joriy yil yarmida to‘xtatilgan. Bu haqda Ozodlikning turkman xizmati “Turkmengaz” davlat konserni raisi Maqsat Babayev so‘zlariga tayangan holda xabar qildi.

Rossiya nashrlari tomonlar gaz narxi bo‘yicha kelishuvga erisholmagani haqida yozishmoqda.

Rossiya 2016-yilda ham Turkmanistondan gaz sotib olishni to‘xtatib qo‘ygan edi. Uch yillik tanaffusdan so‘ng 2019-yilda tomonlar gaz yetkazib berish bo‘yicha besh yillik yangi shartnomani imzolashgan. Yiliga besh milliard kub metr gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan shartnomaning amal qilish muddati 2024-yilning 30-iyunida tugagan va aftidan, tomonlar shartnoma muddatini uzaytirmaslikka qaror qilishgan.

Joriy yil o‘rtasidan tomonlarning o‘zaro kelishuvi bo‘yicha biz Rossiya Federatsiyasiga tabiiy gaz yetkazib bermadik”, deya iqtibos keltirgan “Turkmengaz” davlat konserni raisining o‘rinbosari Murat Archayev so‘zlaridan Rossiya nashrlari.

Ayni paytda Turkmaniston rasmiylari gaz eksporti yo‘nalishlari oshganini bildirmoqda.

Turkmaniston doim eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga intilib kelgan. Bugungi kunda biz yangi yo‘nalishlar hamda mavjud shartnomalar va yo‘nalishlar bo‘yicha yetkazib berilajak gaz hajmini oshirishdan manfaatdormiz”, degan “Turkmengaz” rahbari.

2022-yil dekabr oyida O‘zbekiston Turkmaniston bilan ilk bor 1,5 milliard kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha “Gazprom” ishtirokisiz qisqa muddatli shartnoma tuzgan edi. 2023-yil avgust oyida esa O‘zbekiston Turkmaniston bilan yiliga 2 milliard kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma imzolagan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq Toshkent va Ashxobod gaz yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnoma ishlab chiqayotganini bildirgan edi. Turkmaniston bilan istiqbolda tuzilajak gaz shartnomasi O‘zbekiston ehtiyojining qancha qismini qoplashi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

2023-yil 7-oktyabridan O‘zbekiston kuz-qish mavsumida respublikada gaz taqchilligining bir qismini qoplash uchun Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan gaz import qilishni boshlagan edi. O‘shanda gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma ikki yilga tuzilgani, xarid hajmi yiliga qariyb 2,8 milliard kub metrni tashkil etishi aytilgan.