Uch yashar bola o‘limida ayblangan shaxs 24 yilga qamaldi

Illyustrativ surat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida 29-noyabr kuni 3 yashar bolani o‘ldirishda ayblanayotgan fuqaro S. M.ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish yakunlangan.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, jinoyat ishi sudya S.Abdug‘aniyev raisligida ko‘rib chiqilgan.

Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan 31 yoshli sudlanuvchi S.M. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j” bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish), 25, 97-moddasi 2-qismi “b”, “g”, “j”, “r” bandlari (homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni; o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini o‘ta shafqatsizlik bilan takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan o‘ldirishga urinish), 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 251−1-moddasi 3-qismida (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoxud ularni o‘tkazish maqsadida tayyorlash yoxud qayta ishlash uchun asbob-uskunalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki o‘tkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, JKning 50-moddasi 9-qismiga asosan sudlanuvchi tayinlangan jazoning dastlabki to‘rt yilini turmada, qolgan qismini esa qattiq tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Qonunchilikka muvofiq, taraflar birinchi instansiya sudining hukmi ustidan Toshkent shahri sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.

Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, prokuror ham, marhumning ota-onasi ham suddan sudlanuvchiga umrbod qamoq jazosi tayinlashni so‘ragan.

Ozodlik avvalroq sud-psixiatriya ekspertizasi “aqli raso va ruhiy sog‘lom sudlanuvchi ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan vaqtda fiziologik affekt holatida bo‘lmagan” deya xulosa bergani haqida xabar qilgan edi.

Joriy yilning 9-iyul kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida fuqaro S.M. qonuniy nikohsiz yashab kelgan xotini bilan janjallashuv ortidan ayolning birinchi turmushidan bo‘lgan norasida farzandini chavaqlab o‘ldirgani tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi.