Ukraina futbol terma jamoasi YeChda Qrim silueti va “Qahramonlarga sharaflar!” shiori tushirilgan libos kiyadi

Ukraina terma jamoasi Millatlar Ligasi doirasida Kiyevda Ispaniya terma jamoasiga qarshi o‘yin oldidan, 13 - oktabr 2020 - yil

Ukraina terma jamoasi futbol bo‘yicha Yevropa chempionatida Ukrainaning Qrim doxil xaritasi tasviri hamda yelka qismiga “Ukrainaga sharaflar!” astariga esa “Qahramonlarga sharaflar!” yozuvlari tushirilgan libosda ishtirok etadi.

Terma jamoaning yangi kiyimini Ukraina futbol assotsiatsiyasi rahbari Andrey Pavelko o‘zining “Feysbuk”dagi sahifasida taqdim qildi.

Rossiya TIV voizi Mariya Zaxarova libos taqdimotini “Kiyev propagandasining Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi, Stepan Bandera hamda ularning Ikkinchi jahon urushi yillaridagi jinoyatlarini esga soluvchi shiorni jamoatchilik ongiga muhrlashga navbatdagi urinishi” deb atadi.

Zaxarova Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi faoliyati Rossiyada Oliy sudning 2014 - yil 17 - noyabrdagi qarori bilan man etilganini eslatgan. “Ukrainaga sharaflar!” va “Qahramonlarga sharaflar!” shiorlarini esa u “nemis natsional-sotsialistlarining mashhur salomlashuviga taassib qilish” deb atagan.

Yevropa chempionatining bosh tashkilotchisi bo‘lmish Yevropa futbol assotsiatsiyasi (UEFA) Ukraina terma jamoasining yangi o‘yin libosi yuzasidan quyidagi izoh berdi.

"Yevropa chempionatida ishtirok etayotgan Ukraina termasi (va boshqa jamoalar) kiymi ekipirovka qoidalariga mos ravishda ma’qullangan", - deyiladi UEFA bayonotida.

2018 - yilda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) futbol bo‘yicha jahon chempionati chorak finalida Rossiya ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng “Instagram”ga yuklagan videoroligi uchun Xorvatiya terma jamoasi skauti Ognen Vukoevichga 15 ming shveysariya franki miqdorda jarima solgan, himoyachi Domagoy Videga esa ogohlantirish bergandi.

Rolikda Vukoyevich g‘alabani Ukrainaga bag‘ishlaganini aytgan, Vida esa “Ukrainaga sharaflar!” shiorini tilga olgan.

Garchi ikkala xorvat futbolchisi ham muqaddam Kiyevning “Dinamo” klubida o‘ynagan bo‘lsa-da, FIFA buni tashkilot reglamenti bilan taqiqlangan siyosiy bayonot deb hisobladi.

O‘tgan yili o‘tkazish rejalangan, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli qoldirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 - iyundan 11 - iyulgacha Yevropaning o‘n bir shahrida bo‘lib o‘tadi: ular orasida Sankt-Peterburg ham bor.

Guruh bosqichida Ukraina termasi dastlab Amsterdamda Niderlandiyaga qarshi maydonga tushadi, so‘ng Buxarest shahrida Avstriya hamda Shimoliy Makedoniya bilan kuch sinashadi.