Ukrainada tutqunlikda bo‘lgan qirg‘izistonlik Alisher Tursunov rossiyalik rasmiylarga qaytarib berildi. Bu haqda “Ukraina — Markaziy Osiyo” telegram-kanali Ukrainaning “Yashashni istayman” deb nomlangan harbiy asirlar murojaati bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi markazidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Telegram-kanal qaydicha, Tursunov Rossiyaga 17-iyul kuni qaytarilgan — shu kuni Ukraina va Rossiya “95 ga 95” shaklida o‘zaro asir almashishgan edi. Asir almashilgani haqida avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi ham ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, Tursunovning ismi Rossiya armiyasi harbiylarini qidirib topish va uyiga qaytarish bo‘yicha “Bizning chiqish” (“Nash Vixod”) deb nomlangan jamoatchilik harakati e’lon qilgan ozod qilinmish rossiyalik harbiylar ro‘yxatida ham bor.
57 yoshli Alisher Tursunov o‘zining asirga tushgani haqida aytib bergan video shu yilning may oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Mazkur rolikda Tursunov o‘zining Qirg‘iziston fuqarosi ekanini, O‘shda tug‘ilganini haqida iddao qilgan.
U Ryazanga o‘g‘lining yoniga kelgan paytda politsiya tomonidan ushlanganini ma’lum qilgan. Tursunov armiyada xizmat qilish shartnomasini majburan imzolagani, buning uchun unga pul, pasport va harbiy bilet va’da qilinganini aytgan. Uning iddaosicha, shartnoma imzolanganidan keyin uni poligonga olib borishgan va o‘sha yerda u uch kun davomida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. Video oxirida Tursunov urushga o‘z ixtiyori bilan ketmaganini aytib, Qirg‘iziston rasmiylaridan vataniga qaytishda unga yordam berishni so‘ragan.
Alisher Tursunov Rossiya armiyasi safida Ukrainada jang qilgan yagona qirg‘izistonlik emas. Shundaylardan biri Asqar Qubanichbek o‘g‘li bo‘lib, u Qirg‘izistonda qamoq jazosiga hukm qilingan. Ammo probatsion nazorat sharti bilan ozod qilinganidan keyin u yana chegaradan noqonuniy o‘tib, Rossiyaga ketgan va Rossiya armiyasi bilan yangi shartnoma imzolagan.
Qo‘lga olinganlardan yana biri norinlik Beknazar Bo‘rugul o‘g‘li bo‘lib, u ham “Vagner” xususiy harbiy shirkati tarkibida Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun sudlangan. Keyinroq u Norin viloyat sudi tomonidan muddatidan ilgari ozod qilingani ma’lum bo‘lgan. Sud vakillari Qirg‘iziston prezidenti tomonidan 2023-yil 31-yanvarida imzolangan “Sudlanganlarni afv qilish to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, uning jazo muddati to‘rt yilga qisqartirilgani, shu asosda u ozodlikka chiqqanini ma’lum qilishgan.