Ukrainaliklar “Kavkaz” portidagi yonilg‘ili paromga zarba berishdi

Ukraina va Rossiya manbalari 22-avgust kuni Krasnodar o‘lkasidan anneksiya qilingan Qrimga parom kechuvi hududiga raketa zarbasi berilgani haqida ma’lumot tarqatishdi.

“Ostorojno, novosti” doxil qator telegram-kanallar parom kechuvi hududidan osmonga o‘rlayotgan qora tutun videosini yoyinlashdi.

Keyinroq Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabi telegram-kanalida “Kavkaz” portida yonilg‘i quyilgan sisternali temiryo‘l paromi hujumga uchragani, zarba ortidan yong‘in chiqqan, jabrlanganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘qligi haqida xabar paydo bo‘ldi.

Pirovardida yonayotgan parom videolari ham paydo bo‘ldi. Iddaoga ko‘ra, bu yerda gap “Konro Treyder” paromi haqida bormoqda.

Rossiya rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, paromda 30 ga yaqin sisterna bo‘lgan. Yong‘inni o‘chirishga o‘t o‘chiruvchi poyezd jalb qilingan. Moskva vaqti bilan soat 18.45 larda tezkor shtab “parom “Kavkaz” porti havzasida yetgan shikast tufayli cho‘kib ketgan”ini ma’lum qildi.

“Baza” nashrining ma’lumot olingan manbani ko‘rsatmagan holda iddao qilishicha, parom ekipajining 15 a’zosi taqdiri noma’lum. Bir necha telegram-kanal parom bortida 5 kishi bo‘lgani haqida yozmoqda. Hodisa chog‘ida jabrlanganlar haqida ham, muhtamalan daraksiz yo‘qolganlar haqida ham hali biror rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

Ukrainalik harbiylar paromga berilgan zarbaga oid xabarlarni hozircha izohlashmagan. 22-avgust kuni Kerch ko‘prigi bo‘ylab harakat va Sevastopol ko‘rfazidagi suv yo‘lovchi transporti harakati to‘xtatib qo‘yilgan. Bu nishonlarga zarba berilib-berilmagani haqida biror ma’lumot yo‘q.

Ukrainalik harbiylar Qrimdagi obyektlarga muntazam ravishda raketa zarbalari berib kelishadi. So‘nggi paytlarda Qrimga harbiy yuklar tashish uchun foydalanilayotgani iddao qilingan parom kechuvi ham ukrainaliklar zarbalariga nishon bo‘lgan edi.