"Ulkan changqozon". Daraxtlariga qiron keltirilgan Toshkentning havosi qanchalik iflos?

O‘zbekiston poy taxti Toshkentda so‘nggi bir yil ichida uchinchi marta havoning haddan tashqari ifloslanishi kuzatilmoqda.

O‘zbekiston poytaxti Toshkentda so‘nggi bir yil ichida uchinchi marta havoning haddan tashqari ifloslanishi kuzatildi.

Havo sifatini kuzatuvchi AQAir indeksiga binoan, 18-oktabr kunning ikkinchi yarmida Toshkentda havoning ifloslanishi 101-150 orasida, ya’ni “muayyan guruhlar uchun xavfli” darajani tashkil qilgan.

Bir kun avval shaharda havo sifati "xavfli" va "o‘ta xavfli" ko‘rsatkichlari orasida edi.

“O‘zgidromet” 17-oktabr kuni havoda inson o‘pkasini bo‘g‘ib qo‘yishga qodir chang miqdori xavfsizlik ko‘rsatkichlaridan oshib ketganini aytib, poytaxt aholisini imkoni boricha uydan chiqmaslikka, ko‘chada bo‘lganda, albatta tibbiy niqob taqish va uni har bir soatda almashtirish lozimligi haqida ogohlantirgandi.

“O‘zgidromet” matbuot kotibi Munisa Asalxo‘jayeva Ozodlik bilan suhbatda 18-oktabr kuni yog‘ingarchilik hisobiga havoda chang zarrachalari ancha kamayganini aytdi.

“Yana kechasi bilan yomg‘ir yog‘adigan bo‘lsa, ertalabga changimiz qolmaydi”, dedi Asalxo‘jayeva 19-oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Toshkent va yaqin hududlarda havoning ifloslanishi va chang bo‘ronlari so‘nggi yillarda tez-tez kuzatilmoqda.

"Ulkan changqozon"

Mutaxassislarga ko‘ra, Toshkentdagi havoning haddan tashqari ifloslanishi ortidan tabiiy omillar bilan birga, inson omili turibdi.

"Bu ko‘proq, chang, turli jinslarning zarralari. Lekin, ayrim shaharlarning havosi, bularning ro‘yxati ma’lum, kimyoviy jihatdan kuchli zaharlangan", deb yozdi biolog olim Baxtiyor Abdug‘afur o‘zining Feysbuk sahifasida.

Uning ishonishicha, Toshkent shahri misolida O‘zbekistonni og‘ir kelajak kutmoqda.

"Bu olis emas, juda yaqin. Keyingi besh yillikning og‘ir o‘tish ehtimolligi juda yuqori. Havoning nisbiy namligi kamayishi, daraxtlar hisobidagi yashil biomassaning o‘rni to‘ldirilmagani, tabiiy to‘siqlarning yo‘qligi bu muammoning ulg‘ayib borishiga olib keladi.

Biz ulkan changqozon ichida yashaymiz, shuni unutmaslik kerak. Innovatsion yechimlarni qidirish, ularga pul sarflash, muhokama qilish, son-sanoqsiz tadbirlaru ko‘rgazmalar emas, tayyor, laboratoriyalardan chiqmayotgan, qalin-qalin hisobotlarda siyohi o‘chayotgan ishlanmalardan foydalanish kerak", deydi olim.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari poytaxt havosining nafas olib bo‘lmaydigan darajada ifloslanishida so‘nggi yillarda daraxtlarning ommaviy kesib tashlanishi va Toshkent ekotizimiga zarar yetkazayotgan pala-partish qurilishlarni ayblashadi.

“Daraxtlar ommaviy ravishda, birinchi navbatda quruvchilar tomonidan kesilyapti. Eng so‘nggi xolat yaqinda Chilonzorda shov-shuvga sabab bo‘ldi. OAV va blogerlar tufayli Dream House Stroy MChJ kompaniyasi “Seul” turar-joy majmuasida yuzlab daraxtlarni kesib tashlagani ma’lum bo‘ldi. Toshkentda daraxlar hozir ham kesilyapti, kesilaversa ifloslanishdan hech qachon qutulmaymiz”, - deb yozdi toshkentlik faol va bloger Nikita Makarenko o‘zining Telegram-kanalida.

“O‘zgidromet” matbuot kotibi Munisaxon Asalxo‘jayeva ham poytaxt havosida chang zarrachalari ko‘payishini daraxtlar kesilishi va qurilishlarga bog‘laydi.

“Nimaga bunaqa changli bo‘ronlar ko‘tarilyapti, qumli bo‘ronlar ko‘tarilayotgani haqida bong urib gapiryapmiz. Bu uzluksiz qurilishlar, daraxtlarning kesib tashlanishi. Bunaqa holatlar changli bo‘ronlarni ko‘paytiradi. Bu haqda bir yildan beri aytib kelyapmiz”, - deydi Ozodlik bilan suhbatda Asalxo‘jayeva.

Jahon bo‘ylab havo tozaligini baholaydigan IQAir indeksida Toshkent shahri dunyodagi havosi eng iflos shaharlardan biri sifatida tilga olinadi.

Tashkilotning o‘tgan yilgi hisobotida shahardagi havo darajasi "o‘ta nosog‘lom" deya baholangan.

Toshkent havosidagi PM2.5, ya’ni nozik zarrachalar darajasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ko‘rsatmasidagidan 34,4 marta yuqoridir.

Tashkilotga ko‘ra, Toshkent havosining iflosligiga eng katta sabab eskirgan avtomobillarning ko‘pligidir.

Daraxtlarga qiron keltirgan qurilishlar

"Toshkent bu ketishda 2-3 yil ichida umuman yashab bo‘lmaydigan shaharga aylanadi", deb yozdi o‘tgan hafta Toshkentga safar qilgan Bi-bi-si jurnalisti Ibrat Safo. Uning Feysbuk sahifasida yozishicha, "havo shu qadar ifloski, havodagi zahar hatto jigarrangda ko‘zga ko‘rinib turadi. Uni nafas yo‘llaringda va ta’m qabulgichlaringda sezasan. Palapartish quruvchi kompaniyalar zanjirini uzgan quturgan itdek, qurilishlardagi chang-to‘zon mashinalardan chiqqan karbonat angidrid, azot oksidi va metan bilan qo‘shilib o‘pkangni yemiradi", deydi jurnalist.

Toshkentdagi qator yirik qurilish loyihalarini amalga oshirayotgan shirkatlar bilan afillangan poytaxtning tadbirkor hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘tgan yili faollar bilan uchrashuvda "shaharda biron daraxt kesilsa, o‘sha kuni ariza yozib ishdan ketishi"ni aytgan, ammo o‘tgan vaqt mobaynida e’lon qilingan moratoriyga qaramasdan daraxt kesishlar davom etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oldinroq yiliga 200 million tup daraxt ekish kerakligi, bu bilan mamlakatdagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalanayotganini aytgan edi.

Ammo Ozodlikka kelayotgan xabarlarda joylarda rejani bajarish uchun ekilayotgan ko‘chatlarning qurib qolayotgani aytiladi.

Ekologlarning aytishlaricha, chang shahar ichidan, xususan, qurilish maydonchalaridan ham hosil bo‘ladi. Qurilish inshootlari muhofaza filtr pardalari bilan o‘rab olinishi shart.

Sariq chang, shuningdek, viruslar, zamburug‘lar, bakteriyalar va hatto og‘ir metallarni olib yuradi, ular inson salomatligi uchun o‘ta tahlikali.

Jumladan, asbest changi ta’siridan o‘lim hollari ko‘payishi aniqlanishi ortidan o‘tgan asrda ko‘pgina mamlakatlar asbestdan tayyorlangan konstruksiyalarni qurilishlarda ishlatishni taqiqlagan.

O‘zbekistonda esa, asbestdan tayyorlangan materiallar va shiferlar sog‘liq uchun zararli bo‘lishiga qaramasdan, qurilishlarda hamon keng ishlatib kelinadi.

Ekolog Ruslan Hairnurov havo ifloslanishiga sabab bo‘layotgan yana bir omilga e’tibor qaratadi.

“Qurilishlar, daraxtlar kesilishi haqida ko‘p aytilyapti. Bu katta muammo. Men bularga qo‘shimcha sifatida shaharda ariqlar kamayib ketganini ham aytgan bo‘lardim. Daraxtlar bilan bir qatorda ariqdagi suvlar ham changni o‘ziga tortadi”, - deydi Xairnurov.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, chang o‘zi bilan o‘limga sabab bo‘luvchi kasalliklarni olib keladi.

O‘limga sabab bo‘luvchi chang

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, chang o‘zi bilan o‘limga sabab bo‘luvchi kasalliklarni olib keladi.

Chang bakteriya va viruslarni olib yurishi mumkin. Shuningdek, turli xil nafas olish va qon aylanish kasalliklarini keltirib chiqaradi.

Havoning ifloslanishi dunyodagi har oltinchi o‘limning sababi ekani ma’lum.

Jahon bankiga ko‘ra, O‘zbekistonda havo ifloslanishidan o‘lim holatlari har yuz ming kishiga 81 nafarni tashkil qiladi.