Uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital ta’mirlash ishlari boshlanishi munosabati bilan Urganch xalqaro aeroporti joriy yilning 20-iyuli Toshkent vaqti bilan soat 00:01 dan 7-avgust soat 23:59 gacha o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
Uzbekistan Airports shirkati qaydicha, bu vaqt oralig‘ida aeroportda kapital qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi, xususan, uzunligi 3000 metr, eni 16 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasi butunlay almashtirilib, mustahkamlanadi. Ayni paytda ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklarini kapital ta’mirlash ham rejalangan.
Kapital ta’mirdan so‘ng Urganch aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi Boeing 787 va Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qila olishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xorazm viloyati markazidagi aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi oxirgi marta 1997-yili kapital rekonstruksiyadan chiqqan. Urganch aeroportini rekonstruksiya qilish chog‘ida rejalashtirilgan reyslarning barchasi Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltirilishi bildirilgan.