UzAuto Motors shirkatining onlayn kontraktatsiyasida yana texnik nosozlik kuzatildi

Chevrolet Cobalt avtomobili

UzAuto Motors shirkati 21-iyun kuni soat 10:00 dan 25 ming dona Cobalt avtomobili uchun onlayn kontraktatsiya ochilganini e’lon qildi. Ammo Savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali shartnoma olishga uringan ko‘p sonli mijozlar ilk daqiqalardanoq elektron platforma ishlamay qolganidan shikoyat qilgan.

UzAuto Motors yana eski hunarlarini qilishda davom etayotgan ko‘rinadi”, deya holatga munosabat bildirdi jamoat faoli Rasul Kusherboyev.

Avtoshirkat soat 10:09 da “texnik nosozlik sababli uzilishlar kuzatilayotgani”ni tan oldi. Oradan yarim soat o‘tib, texnik nosozlik bartaraf etilgani ma’lum qilindi.

UzAuto Motors shirkatiga ko‘ra, 21-iyun soat 18:00 holati bo‘yicha Cobalt avtomobili uchun 23 ming 577 ta shartnoma tuzildi.

Avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov yetti kalendar kun ichida amalga oshirilishi lozim. Aks holda, mazkur shartnomalar avtomatik ravishda bekor qilinib, kontraktatsiyaga qayta qo‘yiladi”, deb ogohlantirgan avtoshirkat.

Monopol mavqega ega sanalgan UzAuto Motors shirkatining onlayn kontraktatsiyasida texnik nosozliklar tez-tez ro‘y berib turadi.

O‘tgan yil avgust oyida mamlakatdagi avtosalonlarda Cobalt, Lacetti va Damas mashinalari xaridi bo‘yicha shartnoma tuzish uchun uzun navbatlar hosil bo‘lgan edi.