Uzbekistan Airways uchog‘i Tel-Avivdan Samarqandga ikki soat kech uchdi

Toshkent aeroportidagi Uzbekistan Airways uchoqlari (illyustrativ surat)

Uzbekistan Airways aviashirkatining Tel-Aviv - Samarqand - Toshkent yo‘nalishi (HY304 reysi) bo‘ylab parvoz qiladigan uchog‘i 1-oktyabr kuni belgilangan vaqtdan ikki soat kechikib uchgan. Aviashirkat matbuot xizmati bu majburiy kechikishni “Yaqin Sharq hududida vaziyatning keskinlashuvi va Yaqin Sharq havo hududining bir qismining yopilishi, shuningdek, parvozlar xavfsizligini ta’minlash zarurati” bilan izohlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, seshanba kuni soat 20:15 da Tel-Avivdan Samarqandga yo‘l olishi kerak bo‘lgan Boeing 767 uchog‘i soat 22:14 ga kelibgina havoga ko‘tarilgan.

Uchoq Samarqandga 2-oktyabr soat 04:40 da, Toshkentga esa soat 06:16 da yetib borgan. Parvozda kechikish bo‘lmagan taqdirda uchoq Samarqandga soat 02:45 da, Toshkentga esa soat 04:50 da yetib kelishi kerak edi.

Avvalroq Ozodlik 1-oktyabr oqshomida Eron Isroil hududiga ballistik raketalar bilan zarba bergani haqida xabar qilgan. Mazkur hujum tufayli Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroporti bir muddatga yopilgan edi.