“Farg‘onadagi “O‘zsalaman” poyafzal fabrikasi yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi”. Fabrika rahbar mulozimlarining biridan kelgan bu xabarni korxonaning boshqa mulozimlari qat’iyan inkor etdi.
Korxona direktori va kadrlar bo‘limi boshlig‘ining aytishicha, “Fabrikadagi ishlar bir maromda ketyapti, tez kunda yangi ish o‘rinlari ochiladi, ishchilar qabul qilish haqida e’lon ham berilgan”.
1995 - yili O‘zbekiston-Germaniya korxonasi sifatida tuzilib, o‘z vaqtida butun mamlakat tiliga tushgan poyafzal fabrikasining bugungi ahvoli qanday?
Devonxona mudiri shikoyati
“Farg‘onada terini qayta ishlar zavodi, konserva zavodi, ipak kombinati, go‘sht kombinati shunday tadbirkorlar qo‘lida yo‘q bo‘lib ketdi. Oldi olinmasa, “O‘zsalaman” ham yopilib ketishi, ishchilar ko‘chada qolishi mumkin”, deyilgan O‘zbekiston prezidenti, bosh vazir va bosh prokuror nomiga yozilgan 3 varaqli xatda.
Nusxasi Ozodlikka ham kelgan xat muallifi Muborakxon Tojiboyeva “O‘zsalaman” korxonasida 2007 - yildan 2009 - yilgacha yurist bo‘lib ishlaganini, 2009 - yildan buyon korxona devonxonasi mudiri ekanligini bildirdi.
“Umumiy ish stajim 43 yil, ya’ni men fabrikamizda u “O‘zsalaman” qo‘shma korxonasiga aylangunicha ham ishlaganman”, dedi Muborakxon Tojiboyeva Ozodlikka.
Prezidentga murojaat muallifi fikricha, “O‘zsalaman” fabrikasida qaltis vaziyat uni yangi investor sotib olganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Xatda yangi investor “fabrikaga qarashli mulklarni sotib yuborayotgani”ga oid iddaolar bor. Xat muallifining fikricha, “O‘zsalaman” aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining deyarli hammasiga ega bo‘lib olgan Sobirhoji fabrika ishini yurgiza olmayapti”. Va shuning uchun, Muborakxon Tojiboyevaning fikricha, “fabrika davlat tasarrufiga qaytarilishi lozim”.
Direktor va Xodimlar bo‘limi mudiri Devonxona mudiri iddaolarini rad etdi
“O‘zsalaman”ning shu kundagi egasi ekanligi aytilayotgan Sobirhoji Toshpo‘latov Ozodlikning qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi. Biroq korxona direktori vazifasini bajaruvchi Ibrohimjon Teshabev hamda Xodimlar bo‘limi mudiri Qodir Sodiqovlar Ozodlik savollariga javob berdi.
Direktor v.b. Ibrohimjon Teshaboyev Ozodlikka bunday dedi:
“Shu kunda fabrikamizda 130 ga yaqin ishchi ishlayapti. Ilgari qancha ishchi bo‘lgan bo‘lsa, bugun ham shuncha ishlayapti. Biror kishini qisqartirganimiz yo‘q. Kuniga 600-700 juft poyafzal ishlab chiqaryapmiz. Yil boshidan beri to‘xtab qolganimiz yo‘q”.
Ibrohimjon Teshaboyev Muborakxon Tojiboyevaning shikoyatlaridan xabari borligini bildirarkan, bunday dedi:
“Yaqindayam tekshiruv kelib ketdi. Bilsangiz, korxonamizda ilgari uch ming-to‘rt ming odam ishlagan. O‘sha davrda 12 ta qorovul bo‘lgan. Shuncha qorovullik shtati saqlanib kelayotgandi. Yangi investor ishlab chiqarishimizning hozirgi hajmi uchun buncha qorovulga ehtiyoj yo‘q, dedi. Zarur qorovullik o‘rinlarini saqlab qolib, qolganlarini bo‘shatamiz, istashsa sexda ishlashsin, dedi. Shundan vahima ko‘tarib, turli idoralarga shikoyatlar yozishyapti”.
“O‘zsalaman” fabrikasi Xodimlar bo‘limi mudiri Qodir Sodiqovning Ozodlikka aytishicha, yangi investor shu kunda 158 kishi ishlayotgan korxonanini rivojlantirish uchun harakat qilyapti:
“Ishchi qabul qilamiz, degan e’lonlarni berdik. Andozachilikka, tikuvchilikka, tortuvchilikka ishga qabul qilamiz, deb turibmiz. Yangi investor yangi uskunalar sotib olib kelib o‘rnatyapti. Buyurtmalar qilib qo‘ygan. Ular ham keladi. Bir-ikki oydan keyin 80 tadan ortiqroq yangi tikuv mashinalari keladi. Yaqin vaqt ichida 100 kishi atrofida ishchi olishimiz mumkin. Ish o‘rinlari yangi yildan yana ko‘payadi. Shu kunning o‘zida, aniqrog‘i mashinalarimiz o‘rnatilganidan keyin 20-30 kishini ishga olishimiz mumkin”.
“O‘zsalaman” fabrikasi xodimlar bo‘limi mudiri Qodir Sodiqov yangi investor haqidagi gaplarni keskin inkor qilar ekan, bunday dedi:
“Sobirhoji Toshpo‘latov kelganidan beri xom ashyo vaqtida kelyapti, fabrika beto‘xtov ishlyapti, ishchilar oyliklarini vaqtida olyapti. Uchinchi qavatimiz bo‘sh edi. O‘sha yerga yangi mashinalar o‘rnatilyapti”.
Fabrika tarixi: 3 mln juftdan 150 ming juftgacha
1969 - yili foydalanishga topshirilgan Farg‘ona poyafzal fabrikasida ikki smenali rejimda 2500 kishi ishlab, ular yiliga 3 mln juft oyoq kiyimi ishlab chiqargan.
1995 - yili Farg‘ona poyafzal fabrikasi qoshida O‘zbekiston-Germaniya “O‘zsalaman” qo‘shma korxonasi tuzilgan. Ikki smenali rejimda ishlaydigan korxonada yiliga 500 ming juft oyoq kiyim ishlab chiqariladigan bo‘lgan.
1999 - yili fabrika bir smenali rejimga o‘tgan va ishlab chiqarish hajmi yiliga 250 ming juft poyafzal qilib belgilangan.
Korxona rahbari Ozodlikka shu kunda fabrikada 600-700 juft oyoq kiyim ishlab chiqarilyapti, dedi. Shundan kelib chiqilsa, “O‘zsalaman” bir yilda (247 ish kuni) 148 200 – 172 900 juft oyoq kiyim ishlab chiqaradi. Bu 1999 - yili belgilangan ko‘rsatkichdan ancha past. Xo‘sh nega?
Nega ishlab chiqarish hajmi bu qadar pasayib ketdi?
Bu savolga “O‘zsalaman” fabrikasi Xodimlar bo‘limi mudiri Qodir Sodiqov bunday javob berdi:
“O‘rtada qiyinchiliklar bo‘ldi. Xom ashyo ta’minoti yomon bo‘ldi. Ilgari mutaxassis bo‘lmagan odamlar boshqargan korxonani. Qarzimiz ko‘payib ketgan. Hozirgi kunda hammasi izga tushib ketdi”.
Yangi tashki qilingan davrda Asakadagi “DEU” avtomobil zavodi bilan bir qatorda shov-shuv bo‘lgan korxonaning bugungi ahvolga tushib qolishini “O‘zsalaman”ga aloqasi yo‘q farg‘onalik boshqa bir poyafzalchi ham fabrika boshqaruvida mutaxassislar bo‘lmagani, hozir ham yo‘qligi bilan bog‘ladi. Ismi aytilmaslik sharti bilan gapirgan poyafzalchi bunday dedi:
Birinchi navbatda ishlab chiqarishni yurita oladigan tadbirkor kerak. Mening ham sexim bor. 40-50 kishi ishlataman. “O‘zsalaman” qancha ish (oyoq kiyimi demoqchi – tahr.) chiqarishini bilaman. Fabrika 150 kishi bilan qancha ish chiqarsa, men ham 40-50 kishi bilan shuncha ish chiqaraman. Fabrika hali o‘z egasini topgani yo‘q. Yangi investor keldi. Lekin atrofida har xil gaplar juda ko‘p. Agar o‘sha gaplarga ishonilsa, uning maqsadi fabrikani rivojlantirish emasga o‘xshaydi. Fabrikani rivojlantirish uchun harakat qilish kerak, ishchilarni ham o‘ylash kerak. “O‘zsalaman”da menimcha, rejim yo‘q, sistema yo‘q.