Vazirliklar g‘aznadan qancha mablag‘ olishi ma’lum qilindi

Illyustrativ surat

O‘zbekistondagi 18 ta vazirlikka 2025-yilda davlat g‘aznasidan jami 195 trillion so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratilishi rejalanmoqda.

Yangi yil uchun 29-oktyabr kuni e’lon qilingan davlat budjeti loyihasiga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 95 trillion 920 milliard so‘m, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga esa 59 trillion 464 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Gazeta.uz nashri davlat budjeti taqsimotida Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklariga yo‘naltirilgan mablag‘lar bo‘yicha ochiq ma’lumot berilmagani, ushbu idoralarga ajratiladigan summa boshqa tashkilotlar oladigan jami mablag‘ga qo‘shib ko‘rsatilganiga e’tibor qaratgan.

Qolgan vazirliklar ulushi quyidagicha (milliard so‘mdan kichik summa yaxlitlangan):

• Suv xo‘jaligi vazirligi – 10 trillion 410 milliard so‘m;

• Transport vazirligi – 6 trillion 714 milliard so‘m;

• Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi – 6 trillion 280 milliard so‘m;

• Sog‘liqni saqlash vazirligi – 5 trillion 94 milliard so‘m;

• Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi – 1 trillion 992 milliard so‘m;

• Qishloq xo‘jaligi vazirligi – 1 trillion 794 milliard so‘m;

• Madaniyat vazirligi – 1 trillion 172 milliard so‘m;

• Sport vazirligi – 1 trillion 135 milliard so‘m;

• Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi – 1 trillion 116 milliard so‘m;

• Tashqi ishlar vazirligi – 1 trillion 27 milliard so‘m;

• Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi – 1 trillion 9 milliard so‘m;

• Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi – 927 milliard so‘m;

• Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi – 733 milliard so‘m;

• Raqamli texnologiyalar vazirligi – 532 milliard so‘m;

• Adliya vazirligi – 322 milliard so‘m;

• Energetika vazirligi – 123 milliard so‘m.

Bir trillionlik “dovon”dan oshgan davlat idoralari qatorida Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (21 trillion 139 milliard so‘m), Bosh prokuratura (2 trillion 732 milliard so‘m), Vazirlar Mahkamasi (2 trillion 184 milliard so‘m), Oliy sud (1 trillion 804 mlrd so‘m), Prezident administratsiyasi (1 trillion 673 milliard so‘m) hamda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi (1 trillion 277 milliard so‘m) ham bor.