Venesuelada muxolifat tarafdorlari politsiya bilan to‘qnashdi

Venesuelada Maduroning prezident saylovi g‘olibi deb e’lon qilinishiga qarshi namoyishga chiqqan norozilar, 2024-yil 29-iyuli

Venesuelada amaldagi davlat rahbari Nikolas Maduro prezident saylovi g‘olibi deb e’lon qilinishi ortidan mamlakatning turli shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. 29-iyul kuni Maduroga qarshi bo‘lgan minglab odam poytaxt Karakas ko‘chalari va butun mamlakat bo‘ylab Milliy saylov kengashi (CNE) ofislari oldida norozilik aksiyalarini o‘tkazishdi. Norozilik chiqishlari chog‘ida namoyishchilarning politsiya va harbiylar bilan to‘qnashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Venesuela poytaxti Karakasda politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazdan foydalandi. Biroq minglab norozi prezident saroyi tomon piyoda yurish uyushtirdi.

“Avvaliga ular prezident Maduro o‘zini g‘olib deb e’lon qilganiga qarshi norozilik bildirib, kastryullar va tovalarni daranglatishni boshlashdi. Keyin esa taranglik kuchaya boshladi”, deb yozdi “Bi-bi-si” rus xizmati.

Karakas ko‘chalarida avtomobillar, rezina g‘ildiraklar va chiqindilar yoqilgan. Norozilar bilan qurolli politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. Namoyishchilarni prezident saroyi oldida kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari kutib olib, ularga qarata plastik o‘qlar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazli granatalar ota boshlashgan.

Falkon shtati markazi bo‘lmish Koro shahrida norozilar Maduroning ustozi – avvalgi prezident Ugo Chaves haykalini ag‘darib tashlashgan. Avvalroq Karakas va boshqa joylardagi saylov uchastkalarida muxolifat va Maduro tarafdorlari o‘rtasida mushtlashuvlar chiqqan edi.

Venesueladagi tartibsizliklar chog‘ida 23 nafar harbiy jabrlangan, ulardan ayrimlari o‘qotar quroldan yaralangan”, deya ma’lum qilgan mamlakat mudofaa vaziri Vladimir Padrino X tarmog‘ida. U yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Namoyishchilar prezident saylovi natijalaridan norozi. Maduro nazorati ostidagi Milliy saylov kengashi ma’lumotiga ko‘ra, 28-iyul kuni saylov byulletenlarining 80 foizi qayta ishlanganidan keyin amaldagi prezident 51 foizdan ko‘proq, birlashgan muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales esa 44 foiz ovoz jamg‘argan. Saylov natijalariga oid tafsilotlar ochiqlangan emas. Milliy assambleya rahbari Xorxe Rodrigesning bildirishicha, MSKning prezident saylovi natijalariga oid 100 foizlik ma’lumotlarni yoyinlashiga “hakerlar hujumi” xalaqit qilmoqda.

Birlashgan muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales

Venesuela muxolifati ovoz berish natijalarini tan olgan emas. Xorijlik kuzatuvchilar mustaqil so‘rovnomalar haqiqatdan uzoq deb atayotgan saylov natijalarning tafsilotlarini ochiqlashga chaqirishgan. AQSHning Edison Research firmasi tomonidan o‘tkazilgan ekzitpol muxolifat nomzodi Gonsales Madurodan 30 foiz ko‘proq ovoz olib, g‘alaba qozonishini ko‘rsatgan.

Qo‘shma Shtatlar va boshqa mamlakatlaridagi hukumatlar saylov natijalarini shubha ostiga olib, ovozlarni to‘liq sanab chiqishni talab qilishgan. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Oq uyda saylovning rasmiy natijalari xalq irodasini aks ettirmaydi, degan jiddiy xavotir borligini bildirgan.

Biz hozirgina Venesuela saylov komissiyasi bayonoti bilan tanishib chiqdik. Bizda e’lon qilingan natija Venesuela xalqi irodasi yoki ovozini aks ettirmaydi, degan jiddiy xavotir bor”, degan Blinken.

Braziliya va Yevropa Ittifoqi ham ovoz berish natijalarini hisoblashda shaffoflikka chaqirishgan. Ayni paytda Rossiya, Kuba, Gonduras va Boliviya kabi mamlakatlar Maduroning muhtamal g‘alabasini olqishlab chiqishgan.