Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishelga yo‘llagan maktubida Yevropa xalq partiyasi rahbari Manfred Veber Vengriyaning bu harakati "milliy xavfsizlikka oid jiddiy tashvishlar"ni keltirib chiqarishini aytdi.
"Shubhali" yangi qoidalar josuslik faoliyati uchun jiddiy bo‘shliqlar yaratadi. Shuningdek, bu ko‘p sonli ruslarning Vengriyaga minimal nazorat ostida kirishiga imkon beradi hamda milliy xavfsizlik uchun jiddiy xavf tug‘diradi", degan Veber o‘z maktubida.
Financial Times Veber tomonidan yuborilgan maktub matnini e’lon qildi.
Joriy oy boshida Vengriya sakkiz davlat qatori Rossiya va Belarus fuqarolari uchun xavfsizlik tekshiruvlarisiz va boshqa cheklovlarsiz Vengriyaga kirishga imkon beruvchi soddalashtirilgan viza tartibi haqida e’lon qildi. Budapesht Rossiyadan keladiganlar asosan Rosatom bilan qurilayotgan AES ishchilari bo‘lishini aytmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga javoban G‘arb davlatlari Rossiyaga tegishli aviakompaniyalarning Yevropa Ittifoqi havo hududiga kirishini taqiqlagan. Bu esa Rossiya fuqarolarining YI hududiga kirishini qiyinlashtirgan edi. Yevropa Ittifoqiga a’zo har bir davlat ishchi vizalarni berish bo‘yicha o‘z tartib qoidalariga ega.
Veber o‘z maktubida Yevropa Ittifoqi rahbarlarini "Shengen hududi yaxlitligini zudlik bilan himoya qilish, allaqachon paydo bo‘lgan xavfsizlik bilan bog‘liq xatarlarni cheklash hamda a’zo davlatlarning kelajakda shunga o‘xshash o‘zboshimchaligiga yo‘l qo‘ymaslik uchun eng qat’iy choralarni ko‘rish"ga chaqirdi.
Putin bilan do‘stona aloqalari uchun uzoq vaqtdan beri tanqid qilib kelinadigan Orban o‘tgan oy boshida Moskvaga tashrifidan so‘ng yangi noroziliklarga duch keldi.
Orban bu tashrifni tinchlik missiyasi deb atadi. Ammo YI rahbarlari Orbanni blok nomidan vakil qilib yubormaganini bildirdi.
Yevroparlament deputati, Litva sobiq mudofaa vaziri Rasa Yuknevisen Current Time nashriga bergan intervyusida Orbanning xatti-harakatlarini tanqid qildi.
"Ko‘pchilik Vengriyaning qaroridan hayratda garchi bunday bo‘lishi kerak bo‘lmasa-da. Vengriya va Orbanning harakatlari YIni ichkaridan vayron qilmoqda. Ammo sabrimiz ertami-kechmi tugaydi", dedi Rasa Yuknevisen.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini davomida Orban Kiyevga qurol-aslaha berishdan bosh tortdi, YIning Kiyevga moliyaviy yordam ko‘rsatish va Moskvaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha sa’y-harakatlarini muntazam ravishda bloklab keldi.
U, shuningdek, Vengriyada matbuot va sud tizimini ta’qib qilganlikda hamda qonun ustuvorligi va demokratiya standartlarini buzganlikda ham ayblangan.