Voyaga yetmagan o‘quvchining ona bo‘lishiga oid holat yuzasidan ish qo‘zg‘atildi

Illyustrativ surat

Bolalar ombudsmani Samarqand viloyatidagi maktabning 8-sinf o‘quvchisining ona bo‘lishi bilan bog‘liq holatni o‘z nazoratiga olgan.

Qayd etilishicha, 2009-yilda tug‘ilgan P.Z. o‘tgan yilning avgust oyida o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan, 2006-yilda tug‘ilgan Sh.E. bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Voyaga yetmagan qiz 2024-yilning 6-may kuni shifoxonada chaqaloqni dunyoga keltirgan.

Mazkur holat yuzasidan (voyaga yetmagan qizning yoshidan kelib chiqib, ariza bilan murojaat qilinmagan bo‘lsa-da) tuman IIB tomonidan JKning 128-moddasi 1-qismi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deyilgan xabarnomada ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani qo‘shimcha qilingan.