WSJ: AQShning O‘zbekistonda o‘z aksilterror kuchlarini joylashtirish so‘roviga Putin rozilik bermadi

Vladimir Putin 2019 - yil 19 - oktabr kuni Toshkentda Shavkat Mirziyoyev bilan rasmiy muloqot o‘tkazgan edi

Vashington hukumati Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini to‘liq olib chiqish arafasida Markaziy Osiyo¸ xususan¸ O‘zbekiston hukumati bilan xos muzokaralar olib borgan.

AQSh qo‘shinlari chiqishi ortidan Afg‘onistonning mintaqani beqarorlashtiruvchi hududga aylanishi oldini olish maqsadida Vashington qo‘shni davlatlar¸ xususan¸ O‘zbekistonda o‘z aksilterror kuchlari va dron bazasini joylashtirishni taklif qilgan.

Ammo Toshkentga qilingan bu taklifga rad javobni Moskva – Rossiya prezidenti Vladimir Putin bergan.

Bu haqda AQSh va Rossiya hukumati rasmiylariga tayanib Wall Street Journal nashri 19 - avgust kuni xabar berdi.

Nashr gaplashgan ikkala davlat mulozimlariga ko‘ra¸ 2021 - yil 16 - iyunida Jenevada o‘tkazilgan ilk sammitda AQSh prezidenti Jo Bayden Vladimir Putin bilan Afg‘onistondan Amerika harbiylari chiqqanidan so‘ng paydo bo‘ladigan yangi terrorchilik tahdidi haqida gaplashgan.

Bu tahdidni bartaraf etish maqsadida Vashington rahbari Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar – O‘zbekiston¸ Tojikiston va Qirg‘izistonda AQSh dronlari va aksilterror kuchlarini joylashtirish rejasi borligini bildirgan.

AQSh va Rossiya prezidentlari o‘rtasida avval xabar qilinmagan bu mavzudagi so‘zlashuv Bayden ma’muriyatining ushbu umidini deyarli puchga chiqardi”¸ deb yozadi WSJ.

Jenevadagi suhbatda Putin Rossiya AQShning Markaziy Osiyodagi har qanday roliga Moskva qarshi ekanini ochiq aytgan va Xitoy pozitsiyasi ham ayni ekanini bildirgan.

Shunga qaramay¸ AQSh rasmiylari mintaqa¸ xususan¸ O‘zbekiston mulozimlari bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik mavzusidagi muzokaralarni davom ettirgan.

Oq uy ma’muriyatining yuqori darajali rasmiysi Toshkent konferensiyasi doirasida mintaqa Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashgan edi. 15 - iyul¸ 2021 - yil

Xususan¸ joriy yil iyulida Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaga kelgan AQSh delegatsiyasi rahbari¸ xavfsizlik bo‘yicha yuqori darajali Oq uy rasmiysi Elizabeth Sherwood-Randall o‘zbek rasmiylari bilan terrorchilikka qarshi hamkorlik masalasini muhokama qilgan.

Ayni iyul oyida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovni Vashingtonda qabul qilgan AQSh Davlat kotibi va Mudofaa vazirlari ham hamkorlik istiqboli haqida gaplashgan. Shu mavzudagi muzokaralar Tojikiston diplomatlari rahbari bilan ham o‘tkazilgan.

AQSh va O‘zbekiston diplomatlari rahbarlari Vashingtonda. 1 - iyul¸ 2021 - yil

Ayrim AQSh tahlilchilari¸ mintaqa davlatlari AQSh bilan harbiy hamkorlik¸ xususan¸ o‘z yeridan Amerika harbiylariga joy berish-bermaslik masalasida Rossiyaning qattiq ta’sirini his qilishiga qaramay¸ ularda nisbiy erkinlik mavjudligiga ishonadi.

Xususan¸ Wall Street Journal muxbiri gaplashgan AQSh Davlat departamentining Markaziy Osiyo bo‘yicha sobiq mulozimi Pol Gobl shunday fikr bildirgan.

Moskvada Markaziy Osiyo davlatlariga ta’sir o‘tkazish richaglari bor. Lekin bu ta’sir mutlaq emas”¸ degan Gobl.

AQSh kuchlari Afg‘onistondan chiqib ketishi ortidan mamlakatning Tolibon hukmiga o‘tishi Markaziy Osiyoga tutash bu davlatning yana xalqaro terrorchilar boshpanasiga aylanish ehtimolini kuchaytirdi.

Iyun oyida Kongressga bergan hisobotida AQSh Qurolli kuchlari shtabi boshlig‘i¸ general Mark Milley ikki yil ichida terror guruhlarining Afg‘onistonda qaytadan o‘rinlashuv ehtimolini “o‘rtacha” deb baholagan edi. Ammo o‘tgan yakshanba kuni senatorlar uchun o‘tkazilgan maxsus brifingda general bu muddatning qisqargani va Afg‘onistonning terrorchilar to‘planadigan hududga aylanish xavfi kuchayganini bildirdi.

Vaziyatning kutilganidan ko‘ra tezroq ëmonlashganiga qaramay¸ 19 - avgust kuni Amerika nashriga yuborgan yozma javobida Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Moskvaning Markaziy Osiyoda AQSh harbiylarini yaqinlashtirmaslik masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolayotganini ta’kidlagan.

"AQShning Markaziy Osiyoga o‘z harbiylarini joylashtirishi qaysidir bir shaklda bu mamlakatlar yoki ular qo‘shnilari xavfsizligini kuchaytirishini biz tasavvur qila olmaymiz. Bu Rossiya manfaatlariga mutlaqo xizmat qilmaydi”¸ deyilgan Moskva diplomatlar idorasidan 19 - avgust kuni AQSh nashriga yuborilgan javobda.

Bunday javob¸ tahlilchilar ta’kidicha¸ Rossiyaning Afg‘onistondagi notinchlikni to‘xtatish masalasida AQSh bilan hamkorlik qilishdan ko‘ra¸ Markaziy Osiyo ustidan o‘z ta’sirini saqlab qolish qarorida qat’iyligini namoën qiladi.

Pentagonning Afg‘onistondan tug‘iladigan terror xavfini tezlikda baratarf qilish uchun o‘z dron bazasi va maxsus aksilterror kuchlarini bevosita qo‘shni davlatlar¸ xususan O‘zbekistonga joylashtirish rejasi amalga ko‘chmagan taqdirda¸ AQSh bunday tahlikani Qatar va Forz ko‘rfazidagi harbiylari¸ qolaversa Hind okeanidagi kemalari vositasida qaytarishga majbur bo‘ladi.

Oradagi masofaning uzoqligi¸harbiy ekspertlar ta’kidicha¸ bunday ehtimoliy aksilterror amaliyotlari samaradorligini keskin pasaytiradi.

Forz ko‘rfazidan Afg‘onistonga uchib kelish vaqti shu qadar uzunki¸ Qatarning Al Udeyd bazasidan uchirilgan AQSh dronlari o‘z missiyasining 60 foizini yo‘lga sarflashga to‘g‘ri keladi”¸ deb iqtibos keltiradi WSJ nashri Amerika harbiy mulozimidan.

AQSh aksilterror kuchlarining Markaziy Osiyo hududida hududia joylashuviga keskin qarshilik qilayotgan Rossiya mintaqa davlatlarining Afg‘oniston bilan chegaralarini qo‘riqlashni o‘z nazoratiga olishga urinmoqda.

Joriy oy boshida Rossiya harbiylari O‘zbekiston va Tojikistonning Afg‘onistonga tutash hududlarida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

2 - avgustdan 6 - avgustgacha o‘tkazilgan qo‘shma mashqlarda O‘zbekiston va Rossiya Qurolli kuchlaridan 1,5 ming chog‘li harbiy ishtirok etgani aytildi.

Ozodlik bilan suhbatda rossiyalik harbiy ekspert Pavel Felgengauer Afg‘onistondagi xavfsizlik vaziyatining yomonlashgani ortidan O‘zbekistonni Rossiya yetovidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti(KXShT)ga qaytarish bosimi kuchayishini ta’kidladi.

AQSh nashrining 19 - avgust kungi xabariga munosabat bildirgan o‘zbekistonlik tahlilchi Alisher Ilhomov¸ O‘zbekiston hukumati bunday bosimlarga qarshi turishi muhimligini bildirdi.

- O‘zbekiston hududida harbiy bazalar joylashuviga tarafdor bo‘lmasamda¸ Toshkent Moskvaning kim bilan hamkorlik qilish¸ o‘z xavfsizligi va suverenitetini qanday qo‘riqlashini belgilash urinishini qat’iyan rad etishi kerak¸ deb o‘ylayman. O‘zbekiston KXShTga a’zo emas va shu bois Moskva oldida hech qanday ittifoqchilik majburiyati yo‘q va bo‘lmaydi ham¸ deb umid qilaman.

Albatta¸ Rossiya Tolibon tahlikasini bo‘rttirib¸ O‘zbekistonga o‘z harbiylarini tiqishtirishga intiladi. Ammo Tolibonning hujum qilish tahlikasi zaifligi bois¸ bunga zarurarat yo‘q. Hatto O‘zbekiston KXShTga a’zo bo‘lgan taqdirda ham Rossiyaning yordam berishi kafolanlanmaganini amalda ko‘rdik. Rossiya faqat o‘ziga kerak bo‘lgandagina¸ yordamga keladi¸ deydi Alisher Ilhomov