Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olish uchun order berdi

Binyamin Netanyahu va Yoav Galant

Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hisobga olish uchun order berdi. Ular G‘azo sektorida harbiy jinoyatlar va insoniylikka qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sud xabarnomasida aytilishicha, uning sudgacha bo‘lgan palatasi Netanyahu va Galant Isroilning HAMAS radikal guruhiga (AQSH va YIda terror tashkiloti deb topilgan) qarshi amaliyoti chog‘ida G‘azodagi tinch aholini oziq-ovqat, suv, dori-darmon va tibbiy anjomlar hamda yoqilg‘i va elektr energiyasi kabi tirik qolish uchun zarur bo‘lgan ashyolardan ataylab va ongli ravishda mahrum qilishgan deya taxmin qilish uchun mantiqiy asoslar bor, degan xulosaga kelgan.

Sud xabarnomasida BMT va insonparvarlik tashkilotlarining ko‘plab murojaatlariga qaramay, Isroil rasmiylari G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishini cheklashgan, bu esa sudga ular ochlikdan urush olib borishda vosita o‘laroq foydalangan, deya gumon qilish imkonini bergan. Shuningdek, sudgacha bo‘lgan palata G‘azodagi tinch fuqarolarga maqsadli hujum uyushtirilganiga oid kamida ikkita holat bor, deb hisoblaydi.

Avvalroq XJS prokurori Karim Xon ham isroillik yuqori lavozimli mansabdorlar, ham HAMAS rahbarlarini hibsga olish uchun order berilishini so‘ragan edi. Bu haqda joriy yilning 20-mayida ma’lum bo‘lgan. O‘sha paytda ismlari zikr etilgan HAMAS liderlarining uchchalasi ham (Ismoil Haniya, Muhammad Deyf va Yahyo Sinvar) o‘tgan oylar ichida jangovar harakatlar yoki Isroil amaliyotlari chog‘ida o‘ldirilgan. Netanyahu va Galantni hibsga olish uchun order berish bilan bir paytda Haaga sudi Deyfni ham hibsga olish uchun order bergan, vaholanki uning o‘limiga oid tasdiqlangan ma’lumotlar mavjud.

XJS Netanyahu va Galantni hibsga olish to‘g‘risidagi qarorini Buyuk Britaniyaning iltimosiga ko‘ra bir muddatga kechiktirgan, ammo bu iltimosnoma leyboristik hukumat iqtidorga kelganidan keyin qaytarib olingan.

Isroil Rim statuti ishtirokchisi bo‘lib hisoblanmaydi va XJS yurisdiksisini tan olmaydi. Avvalroq Isroil sud prokurorining hibsga olishga order berish iltimosi bilan qilingan murojaatini keskin tanqid qilgan edi. Haagadagi sud yurisdiksiyasini tan olmaydigan AQSH ham Karim Xon murojaatini tanqid qilib chiqqan.

Hibsga olish haqida order berilishi rasman Isroil bosh vaziri va u tomonidan yaqinda iste’foga chiqarilgan Galant XJS ishida ishtirok etuvchi mamlakatlardan biriga borgan taqdirda, hibsga olinishi kerakligini anglatadi. Masalan, ular Yevropa Ittifoqining deyarli barcha mamlakatlari yoki Buyuk Britaniyaga kelsa, hibsga olinishlari lozim.

2023-yilda Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order bergan. Sud uni urush paytida Ukraina hududidan Rossiya nazorati ostida bo‘lgan hududga bolalarni yoppasiga olib chiqib ketganlikda gumonlagan. Rossiya ham XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi. Order berilganidan buyon Putin Rim statutini ratifikatsiya qilgan bitta mamlakat – Mo‘g‘ulistonga borgan, biroq u hibsga olingan emas.

Xalqaro jinoyat sudi BMTning rasmiy sudi bo‘lib hisoblanmaydi, u ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma (Rim statuti) asosida tuzilgan. Mazkur shartnomani dunyodagi ko‘plab mamlakat ratifikatsiya qilishgan, biroq AQSH, Rossiya va Xitoy doxil qator yirik davlatlar uning ishida ishtirok etmaydi va XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi.

Isroil G‘azodagi harbiy amaliyotini HAMASning o‘tgan yil 7-oktyabrida Isroil janubiga hujumi ortidan boshlagan. HAMAS hujumi chog‘ida 1000 dan ziyod kishi o‘ldirilgani va 200 dan ziyod odam garovga olingani aytilgan. Isroil o‘zini o‘zi mudofaa qilish huquqidan foydalanayotganini bildirgan.

G‘azodagi amaliyot chog‘ida, HAMAS nazorati ostida bo‘lgan G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 40 mingdan ziyod odam o‘lgan. BMTga a’zo bo‘lgan davlatlarning aksariyati Isroilni harbiy jinoyatlarda va hatto genotsidda ayblab, bu davlat xatti-harakatlarini qoralab chiqishgan.