Xitoy o‘z tarixida ilk marotaba Marsga kosmik kema qo‘ndirdi

Mars sayyorasi yuzasi

Xitoy 15 - may kuni o‘z fazo dasturi tarixida birinchi marta Marsga kosmik kema qo‘ndirdi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.

Rejaga binoan, kema bortida yuborilgan marsyurar bir necha kun davomida diagnostik sinovlarni o‘tkazadi. Buning ortidan rover kemadan ajralib, Mars sathiga tushadi va Qizil sayyoraning Utopiya tekisligi nomi bilan tanilgan hududini o‘rganish uchun yo‘lga otlanadi.

Fevral oyida AQSh yuborgan rover ham Marsga yetib borgan edi.

O‘tgan oyda Xitoy o‘zining Tyangun – «Samoviy saroy» kosmik stansiyasining birinchi modulini orbitaga uchirgandi. Fazoda doimiy yashash joyini yaratishga bel bog‘lagan Pekin uchun bu katta yutuq bo‘ldi.

Xinhua rasmiy axborot agentligida kema muvaffaqiyatli qo‘ngani haqida yozilgan maqolada «Xitoy birinchi marta Marsda iz qoldirdi. Bu mamlakatimizning kosmik tadqiqotlarida muhim qadamdir», deyilgan.

1976 - yildan beri AQSh Marsga to‘qqiz marotaba muvaffaqiyatli tarzda kema qo‘ndirgan. Sovet Ittifoqi sayyoraga 1971 - yilda kema yuborgan, ammo apparat Mars sathiga qo‘nganidan keyin ko‘p o‘tmay ma’lumot yubormay qo‘ygan.

Ayni damda fevral oyida Marsga qo‘ngan AQSh marsyurari va mitti vertolyot Qizil sayyorani o‘rganmoqda.

Xitoy bundan oldin Oyga kema yuborgan edi. Ammo Marsga kema qo‘ndirish bundan ko‘ra ancha murakkab ishdir. Qizil sayyoraga yuborilgan kemalar sayyora atmosferasiga kirib borayotganida erib ketmasligi uchun himoya qatlamlari bilan o‘raladi. Shuningdek, Marsga yuborilgan kemalarni qo‘ndirishda ham raketalardan, ham parashyutlardan foydalaniladi. Kema belgilangan joyda qo‘nishi uchun parashyutlar va raketalar muayyan vaqtda aniq ishga tushishi kerak.

Xinhua xabarida aytilishicha, kapsula 125 kilometr balandlikda Mars atmosferasiga kirib borgan. Buning ortidan 200 kvadrat metrlik parashyut ochilgan va keyinchalik kemadan ajralgan. Keyin esa retro-raketa ishga tushib, kema tezligini sekinlatgan. Kema yuzadan taxminan 100 metr balandlikda qalqib turib, qo‘nish uchun qulay joy tanlagan.

«Har bir qadamni tashlashimiz uchun faqat bitta imkoniyatimiz bor bo‘lib, harakatlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq edi. Agar biron-bir nuqson bo‘lganida, qo‘nish muvaffaqiyatsiz tugagan bo‘lar edi», degan Xitoy Milliy fazo boshqarmasi rasmiysi Geng Yan.

Kema shanba kuni Pekin vaqti bilan ertalabki soat 7:18 da qo‘ngan. Yerda kema muvaffaqiyatli qo‘ngani oradan bir soat o‘tib tasdiqlangan. Rover qo‘nganidan keyin quyosh panellari va antennasini ochgan, so‘ngra Yerga signal yuborgan. Signallar Yerga yetib kelgunicha 17 daqiqadan ko‘proq vaqt o‘tgan.

Xitoy kemasining Marsga qo‘ngani XXRdagi yetakchi ijtimoiy media platformasi hisoblanuvchi Weibo saytida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylandi.

«Tyanven-1» kosmik kemasi fevral oyidan beri Mars atrofida aylanayotgan edi. Kema Yerdan 6,5 oylik sayohatdan keyin Qizil sayyoraga yetib borgan.

Olov xudosi Chjujun nomi berilgan marsyurar 90 kun davomida Marsda hayot izlarini qidirishi kutilmoqda. Taxminan kichkina avtomobilga teng keladigan rover radar, lazer hamda atmosfera va magnit sferalarini o‘lchovchi sensorlar jihozlangan.