Xorazm viloyatining Xiva shahridagi uylardan birida gaz portlashi oqibatida kamida bir kishi o‘lgan, yana bir odam qattiq kuyish jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Hodisa 8 - yanvar kuni erta tongda Xivaning Ichan qal’a hududidagi Islom Xo‘ja minorasidan ellik metr masofadagi uylardan birida ro‘y berdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Portlashga tabiiy gazdan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Oqibatda uy yer bilan yakson bo‘lgan. Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, vayron bo‘lgan uy ichidan 15 yoshli qiz hamda 50 yoshlar atrofidagi ayolning jasadi olib chiqilgan.
"Gaz bosimi juda past. Kechasi yotganda gaz jo‘mragini burab qo‘yishni unutishgan. Gaz chiqib yotavergan”, - dedi xivaliklardan biri.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Xorazm viloyati bo‘limi rasmiylari esa portlashdan bir odam - xonadon egasining qizi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
FVV rasmiylariga ko‘ra, uy egasining o‘zi esa o‘ttiz foiz kuyish jarohati bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Vazirlik vakillari taxminicha, portlashga “sizib chiqqan tabiiy gaz va havo aralashmasi natijasida sodir bo‘lgan chaqnash” sabab bo‘lgan, hodisa “tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining buzilishi” tufayli ro‘y bergan.
"Hozir o‘rganilyapti, konkret sababini aytolmaymiz. Ma’lum narsa shuki, gaz chiqishi sabab portlash bo‘lgan", - dedi FVV Xorazm viloyati bo‘lim xodimi.
Guvohlarning Ozodlikka aytishlaricha, Ichan qal’a hududidagi Islom Xo‘ja minorasidan bir necha metr narida ro‘y bergan portlash kuchidan qo‘shni bino binolarining derazalari sinib ketgan.
Ozodlikka yuborilgan videoda Xivadagi Islom Xo‘ja minorasi biqinida qutqaruvchilar portlash ro‘y bergan uy vayronalarini tozalayotganini ko‘rish mumkin.
Xivaning Ichan qal’a muzeyi rahbariyati portlashdan tarixiy obidalarga ziyon yetmaganini aytmoqda.
"Portlash to‘lqinidan ayrim uylarni derazasi singan, lekin tarixiy obidalarning birontasiga ziyon yetmadi", - dedi Ichan qal’a muzeyining Ozodlik muxbiri suhbatlashgan xodimi.
Bir haftada beshta portlash
Bu so‘nggi hafta ichida O‘zbekistonda ro‘y bergan beshinchi halokatli gaz portlashidir.
3 - yanvar kuni Samarqanddagi maktablardan birida gaz portlashi oqibatida bir odam nobud bo‘lgandi. Oradan bir kun o‘tib, Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida is gazidan ona-bola vafot etdi. 6 - yanvar kuni esa Qarshi shahridagi xonadonlarning birida gaz sizishi oqibatida yuz bergan portlashda kamida ikki inson halok bo‘lgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan.
Ayni paytda 5 - yanvar kuni Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi kasalxonada gaz portlashidan kamida ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabarlar olingan.
O‘tgan yil 16 - dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumat yig‘ilishda 2020 - yil boshidan beri 106 inson is gazi va gaz chaqnashidan halok bo‘lgani, 190 nafar inson esa zaharlangani va kuyish tan jarohati olgani haqida aytgan edi.
Mirziyoyev hukumatga gaz eksporti hajmini qisqartirib, ichki iste’molga yo‘naltirish haqida topshiriq berganini aytgan edi. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida bu topshiriq bajarilib-bajarilmagani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
O‘zbekistonning aksar viloyatlarida gaz taqchil, aholi sovuqda qo‘lbola isitgichlardan foydalanadi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi har yilgidek, mavsum boshida aholini gaz va elektr uskunalardan hamda isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish haqida ogohlantirdi.
"Qo‘lbola hamda nosoz gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanmang; isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiyasi va yo‘riqnomasi talablariga rioya qiling; isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyum va oson alangalanuvchi mahsulotlarni saqlamang; gaz uskunalarni ulash tartib qoidalariga rioya qiling; mabodo gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring va bu haqda gaz xizmatiga xabar bering; isitish pechlari va ularning mo‘rilarining sozligiga e’tibor bering", - deyiladi FVV bayonotida.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘tgan yil noyabr oyining so‘nggi o‘n kunligida havo haroratining keskin pasayib ketishi ortidan O‘zbekiston bo‘ylab elektr va gaz ta’minotidan uzilgan aholining qator norozilik chiqishlari yuz berdi.
Oxirgi kunlardagi anomal sovuq manzarasida o‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqlarda gaz va elektr uchun mas’ul rasmiylarga g‘azabnok murojaatlari ko‘paygan.
Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar uchun gvz va boshqa energiya manbalariga boy mamlakatda nima uchun har yili aholi sovuqdan aziyat chekishga mahkumligi tushunarsiz. Rasmiylar hozirgacha mamlakatdagi energetika inqirozining asl sabablari yuzasidan ma’nili bayonot bermagan. Energetika vazirligi tizimdagi muammolarga havo haroratining pasayib ketishi va gaz hamda elektrdan noqonuniy foydalanishlar sabab ekanini aytib keladi. Prezident Mirziyoyev o‘tgan yillarda energetika infratuzilmasiga yetarli sarmoya kiritilmaganini bir necha bor tanqid qilgan. Ammo bu yilgi inqiroz sohaga kiritilayotgan millionlab dollar sarmoyalarning qaerga va qanday sarflanayotgani borasida savollarni paydo qilgan.