“Xotining bilan ajrashib, keyin qayta uylan”. Xitoylik qozoqlarning Qozog‘istondagi ko‘rgiliklari

Xitoydan Qozog‘istonga ko‘chib kelgan etnik qozoqlar pensiyani rasmiylashtirish va tug‘ilganlik haqida guvohnoma olishda mushkulotlarga duch kelmoqda. Ularning aytishicha, hukumat idoralari ulardan Xitoy tomoni tasdiqlagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilyapti, buning esa iloji yo‘q.

“HUJJATLARINGIZNI XITOYDA TASDIQLATIB KELING”

76 yoshli Kaduan Bagay Olmaota viloyati, Jambul tumanining Uzunagash qishlog‘ida yashaydi. U Qozog‘istonga 2019 - yilda Xitoyning Shinjon mintaqasidagi Ili-Qozoq muxtor okrugiga qarashli Toli degan joydan to‘rt nafar voyaga yetgan farzandlari bilan birga ko‘chib kelgan. O‘g‘illaridan biri Xitoyda qolgan.

Kaduan Bagay Qozog‘iston fuqaroligini o‘tgan yili oldi. To‘rt farzandiga ham fuqarolik berishdi. Bagay pensiya olish uchun ham hujjat to‘plab, ularni tuman aholiga xizmat ko‘rsatish markaziga topshirdi.

Keksa ayol o‘zi yura olmagani sababli, hujjatlarni rasmiylashtirish bilan uning kelini Zerde Kamalbek shug‘ullanmoqda.

“Mehnat, ijtimoiy himoya va migratsiya qo‘mitasining Olmaota viloyati departamenti bir necha kundan so‘ng hujjatlarimizni qaytardi – qaynonam bolalarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarini Xitoyda yoki Xitoyning Qozog‘istondagi konsulligida tasdiqlatib kelishi kerak emish”, hikoya qiladi Zerde Kamalbek.

Kaduan Bagay Olmaotadagi Xitoy konsulligiga bordi. Aytishicha, uni hatto konsullik ostonasiga yaqin yo‘latishmagan.

“Bizni qabul qilishgani yo‘q. Hatto gaplashishni ham xohlashmadi”, deydi Kaduan Bagay.

Vataniga qaytib, fuqarolik olgan boshqa ko‘plab qozoqlar ham o‘z hujjatlarini rasmiylashtirishda ayni qiyinchiliklarga ro‘para kelmoqda.

71 yashar Salesh Kapashuli va uning 67 yoshli xotini Ozodlikning qozoq xizmatiga pensiyani rasmiylashtira olmayotganlaridan shikoyat qildi.

“Bir umr podachilik qildim, xotinim sut sog‘di. Lekin o‘sha paytlar Xitoyda mehnat daftarchasi olmaganmiz. Keyinroq, Qozog‘istonga kelganimizda pensiya olish uchun “mehnat daftarchasi bo‘lishi shart”ligini aytishdi. Xitoydan biz u yerda ishlaganimizni tasdiqlovchi hujjat oldik. Ammo uni qabul qilishmadi, “qalbaki” deyishyapti”, – deydi Salesh Kapashuli.

Salesh Kapashuli

Keksa odam nima qilishni bilmaydi.

“Bahorga dovur hujjatini topshirganlarga pensiya chiqdi, ammo shu yilning mart oyidan boshlab Xitoy konsulligi tasdiqlab bergan mehnat daftarchasi bilan kelinglar deb, talab qo‘yishyapti”, tushuntiradi u.

Salesh Kapashuli hozirda davlatdan oyiga 18 ming tanga (taxminan 43 dollar) nafaqa oladi. Qozog‘istonda “Pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga binoan, pensiya yoshiga yetgan, lekin mehnat stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun eng kam pensiya miqdori joriy yilda 18 524 tanga qilib belgilandi. Mehnat stajini tasdiqlovchi hujjatlar tasdiqlanganidan so‘ng pensiya qayta hisoblanadi.

MULOZIMLAR IZOHI

Mehnat, ijtimoiy himoya va migratsiya qo‘mitasining Sharqiy Qozog‘iston viloyati bo‘yicha boshqarmasi vakili Aynur Serikbolqizi Qozog‘iston fuqaroligini olgan shaxslarning pensiyaga chiqish tartibini shunday tushuntiradi:

“Pensiya ta’minotiga doir qonunga muvofiq, besh nafar va undan ortiq farzand ko‘rgan ayol pensiyaga barvaqt, 53 yoshdan chiqish imtiyoziga ega. Qaysi mamlakatdan kelganidan qat’i nazar, u notarial tasdiqlagan hujjatlarni taqdim etishi lozim. Keksa odamlardan biz mehnat daftarchalarini so‘rab olamiz”, deydi u.

Boshqarma vakili ko‘p bolali onaga tegishli pensiyani olish uchun ayol taqdim etishi lozim bo‘lgan hujjatlarni sanaydi.

“Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma XXR tomonidan berilgan ekan, ariza beruvchi asl hujjat bilan birga uning notarial tasdiqlangan nusxasini topshirishi kerak, uni Xitoy konsulligida tasdiqlatish talab qilinmaydi”, deydi Aynur Serikbolqizi.

Mehnat, ijtimoiy himoya va migratsiya qo‘mitasining Olmaota viloyati boshqarmasi xodimi Yerlan Abdaliyevga ko‘ra, “ariza beruvchi pensiyani rasmiylashtirish uchun taqdim etilgan hujjatning qozoq yoki rus tilidagi notarial tasdiqlangan tarjimasini keltirib bersa, kifoya”. Uning aytishicha, pensiyani rasmiylashtirish chog‘ida mehnat stajini tasdiqlovchi mehnat daftarchasining notarial tasdiqlangan nusxasini topshirish lozim, ko‘p bolali ona sifatida pensiyaga chiqishni xohlovchi ayollar esa bolalarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarini notarial tasdiqlatib, taqdim etadi.

“Xitoydan kelgan qondoshlarimiz orasida soxta hujjatlarni taqdim etganlar ham bo‘lgan edi. Shu munosabat bilan talablarni kuchaytirdik. Hujjatlarni biz o‘zimiz Xitoy konsulligiga jo‘natib, haqiqiy yoki qalbakiligini aniqlaymiz”, deydi Yerlan Abdaliyev.

“XOTINING BILAN AJRASH, KEYIN UNGA QAYTADAN UYLAN”

Olmaotaning Alatov tumanida yashovchi Amanjol Erkin shu yilning iyun oyida dunyoga kelgan to‘rtinchi farzandiga tug‘ilganlik haqida guvohnoma ololmayotganidan noliydi. U Qozog‘istonga 2007 - yili, Shinjonda uylanganidan keyinoq ko‘chib kelib, kelgusi yili fuqarolik olgan.

Qozog‘istonda yashay boshlaganidan beri oilada to‘rt farzand tug‘ildi: dastlabki uch bolaga tug‘ilganlik guvohnomasi olingan, ammo to‘rtinchi bolaga kelganda muammo paydo bo‘lgan. Alatov tumani aholiga xizmat ko‘rsatish markazida ota-onaga “nikoh guvohnomalaringizni Xitoy hukumati idoralari tasdiqlab bersin”, deb aytishibdi.

“Ha, biz Xitoyda turmush qurganmiz. Fuqarolikni olganimizdan so‘ng nikoh guvohnomamizni almashtirmoqchi bo‘ldim, lekin menga “Xitoydan ma’lumotnoma olib keling”, deyishgach, qo‘l siltagan edim. Uch nafar to‘ng‘ich farzandim Qozog‘istonda tug‘ilgan, ammo ularga hujjat olishda sira qiynalmagan edik”, deydi Amanjol Erkin.

Uning aytishicha, aholiga xizmat ko‘rsatish markazida bu ilojsiz vaziyatdan qanday chiqish mumkinligini so‘ragan.

“Menga xotinim bilan ajrashishni, keyin qayta nikohdan o‘tishni maslahat berishdi”, deydi to‘rt bolaning otasi.

Amanjol Erkinga Olmaota shahri aholiga xizmat ko‘rsatish markazining Alatov tumani bo‘limidan kelgan yozma javobda shunday deyiladi: “Sizning bola tug‘ilganini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi 2021 - yil 18 - iyundagi 18002210242364-sonli arizangiz ko‘rilmasdan qaytarildi. Bu sizning 2008 - yil 09.07. sanada XXRda rasmiylashtirilgan 2008-29-sonli nikoh guvohnomangizning notarial tasdiqlangan tarjimasida maxsus konsullik muhri yo‘qligi bilan bog‘liq”.

BOLA ASRAB OLINGANI TO‘G‘RISIDAGI HUJJAT QABUL QILINMADI

Pavlodar viloyati, Ekibastuz shahrida yashovchi Tekesboy Aubakiruli Ozodlik muxbiri bilan suhbatda akasining farzandini asrab olganini aytadi. Akasining o‘zi Xitoyda qolgan.

Tekesboy Ekibastuzga yaqinda Olmaota viloyatining Yennbekshiqazax tumanidan ko‘chib borgan.

Tekesboyning qo‘lida Xitoyda yashovchi akasi va yangasi unga 2006 - yilda tug‘ilgan bolalarini farzandlikka berganini tasdiqlovchi Mongolkure uyezdi (Xitoy) sudining qarori bor.

“2019 - yilda aholini janubdan shimolga ko‘chirish dasturi bo‘yicha Ekibastuzga ko‘chib bordim. Uch oy avval mahalliy migratsiya politsiyasi o‘g‘limni ro‘yxatdan o‘chirdi. Qayta ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur barcha qog‘ozlarni topshirdim. Endi bo‘lsa ota-onaning bolani farzandlikka berish haqidagi rozilik xatining notarial tasdiqlangan tarjimasini ololmayapman. Notarius Xitoy sudining qarorini huquqiy kuchga ega emas, deb hisoblayapti”, arz qiladi u.

Xitoydan kelgan qondoshlar muammolari bilan shug‘ullanuvchi “Atajұrt erіktіlerі” jamoat tashkiloti vakili Qayrat Baytolla joriy yildan Qozog‘iston hukumati repatriantlardan to‘rt hujjatni – tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, mehnat daftarchasi, diplom va nikoh guvohnomasini Xitoy konsulligidan tasdiqlatgan holda taqdim etishni talab qilayotganini aytadi. Unga ko‘ra, Shinjonda tug‘ilganlik haqida guvohnoma berish 1994 - yilda boshlangan. Bunga qadar aholi joylarda ro‘yxatdan o‘tib, 16 yoshga yetganda shaxsni tasdiqlovchi hujjat olgan. Mehnat daftarchasi esa faqat davlat xizmatchilariga berilgan, deydi faol.

“Qishloqlarda shaxsni tasdiqlovchi hujjat berish 1980-yillarda boshlangan. Misol uchun, mening ota-onamning shaxsni tasdiqlovchi hujjati yoki nikoh guvohnomasi yo‘q, bo‘lmagan ham. Xuddi shuningdek, Xitoydan kelgan ko‘plab repatriantlarda ham tug‘ilganlik haqida guvohnoma yoki mehnat daftarchasi yo‘q. Ba’zilarining qo‘lidagi yagona hujjati – mahalliy hokimiyat idorasi bergan ma’lumotnoma. Endi bo‘lsa barcha hujjatlar, jumladan, tug‘ilganlik haqida guvohnoma va diplomlar ham Xitoy konsulligi orqali tasdiqlanishi kerak. Men konsullik xizmatchilari bilan uchrashdim. Ular bunaqa ishlar bilan shug‘ullanmaymiz, deyishdi”, izoh beradi Qayrat Baytolla.

VAKOLATLI IDORALARNING JAVOBLARI

Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligining pensiya tayinlash bo‘yicha mutaxassisi Marfug‘a G‘animuratqiziga ko‘ra, yosh bo‘yicha pensiya tayinlash to‘g‘risida ariza berish chog‘ida yoki ko‘p bolali ona sifatida pensiyaga chiqayotganda “hujjat (tug‘ilganlik haqida guvohnoma yoki mehnat daftarchasi)ning notarial tasdiqlangan tarjimasi talab qilinadi xolos”.

Uning ma’lum qilishicha, Olmaota viloyatida qalbaki hujjatlar taqdim etilishi faktlari aniqlangani sababli u yerda talablar kuchaytirilgan, ammo Qozog‘istonning boshqa mintaqalarida bunday muammo yo‘q.

Xitoydan kelgan repatriantlarning hujjatlari bilan bog‘liq chalkash vaziyat yuzaga kelgani munosabati bilan Ozodlik Qozog‘iston Adliya vazirligiga so‘rov yubordi.

“Nikoh va oila kodeksining 280-moddasiga ko‘ra, “xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan berilgan Qozog‘iston Respublikasidan tashqarida fuqarolik holati dalolatnomalari yozilganini tasdiqlovchi hujjatlar, basharti ular Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligiga xilof bo‘lmasa yoki konsullik tomonidan legallashtirilgan yoxud maxsus muhr (apostil) bosilgan bo‘lsa, Qozog‘iston Respublikasi hududida amal qiladi”, deyilgan vazirlik javobida.

Ayni savolga Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi ham javob bergan.

“Xitoy xorijiy davlatlarning rasmiy hujjatlarini legallashtirish talabini bekor qilgan Haaga konvensiyasi (1961 - yil 5 - oktabrda imzolangan) a’zosi bo‘lmagani sababli Xitoydan ko‘chib kelganlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini Xitoy tashqi ishlar vazirligida tasdiqlatishlari lozim”, deyiladi mazkur idoraning javob xatida.

Vazirlik, shuningdek, Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasida legallashtirish yoki hujjatlarni so‘rab olish to‘g‘risida hech qanday bitim imzolanmagan.

3 - iyun kuni Ozodlik Shinjonda etnik qozoqlarga berilgan shaxsiy hujjatlar hamda sud qarorlarini tasdiqlash haqidagi savollar bilan Xitoyning Qozog‘istondagi konsulligiga murojaat qildi. Maqola e’lon qilingan paytda konsullikdan javob kelmagan edi.