Yakkabog‘ning yoqib yuborilgan sobiq hokim o‘rinbosari tadbirkorni do‘pposlagani iddao qilinmoqda

Kamol Norboboyev bozor muassisi va o‘g‘illari tomonidan "o‘lasi qilib kaltaklangani"ni iddao qilmoqda.

Qashqadaryo viloyat, Yakkabog‘ tumanidagi qurilish mollari bozorida faoliyat yurituvchi 39 yashar tadbirkor Kamol Norboboyev "bozor muassisi Mansur Tuymayev va uning o‘g‘illari tomonidan qattiq kaltaklangani"ni iddao qilmoqda.

Avval tuman hokimining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Mansur Tuymayev 2019 - yilda boshqa bir tadbirkorning do‘konini traktorda buzib tashlamoqchi bo‘lganida tadbirkor unga benzin sepib o‘t yoqib yuborgani hodisasi bilan tanilgan.

Kamol Norboboyevning da’vo qilishicha, u hushidan ketgan holda kasalxonaga olib kelingan, amma hodisadan sakkiz kun o‘tgan bo‘lsa ham ekspertiza qilinmagan.

Ayni paytda Kamol Norboboyev tomonidan kaltaklanganini iddao qilgan Mansur Tuymayev ham kasalxonada ekanligini aytmoqda.

Yakkabog‘ tumani qurilish mollari bozorida yog‘och bilan savdo qiladigan tadbirkor Kamol Norboboyevning aytishicha, hodisa 9 - avgust kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan:

“Bozor katta bir eski tarozi bor edi. Yonboshiga biz mahsulot tushirgan edik. O‘sha eski tarozini kimlardir ko‘chirib olib ketishdi, Mansur Tuymayevni ham, bozor direktori Zohid Eshmo‘minovni ham, qaranglar olib ketyapti, deb ogohlantirgan edik. Lekin aybni bizga qo‘yib, o‘sha kuni Tuymayev bilan Eshmo‘minov kelib, nega qaramadinglar, deb haqorat qilishni boshladi. Men ham javob qaytardim. Keyin Tuymayev kelib bir musht soldi, javobini oldi. So‘ngra Eshmo‘minov qo‘llarimni qayirib ushlab turdi, Tuymayev rosa urdi”.

Tadbirkorning aytishicha, shundan so‘ng u ishxonasidan armaturani olib chiqib, o‘zini himoya qilmoqchi bo‘lgan:

“Men ham jahl ustida temirni siltagan edim, Tuymayev qo‘li bilan qaytarib qoldi va bir uchi sal boshiga tegib ketdi. Tuymayev yaqinlarini telefon qilib chaqirgan ekan, ko‘payishib ketishdi. Kimdir orqamdan kelib, boshimga nima bilandir soldi, yiqildim. Keyin o‘rtaga olib, hushimdan ketguncha rosa tepishgan”.

Kamol Norboboyev kasalxonada qarovsiz qolganini aytadi:

“Meni otam olib kelgan ekan. Qabul qilgan vrach qaragani ham yo‘q. Boshqa do‘xturga iltimos qilib, jarohatlarni tiktirdik. Ular bizdan oldin kelib, yotib olishgan ekan. O‘sha kuni do‘xtur IIBga xabar bergan ekan. Lekin uchastkovoy ertasiga tushdan keyin keldi. Ariza yozdirdi-da, ketdi. Tergovchi hali biror marta oldimga kelmadiyam. Boshqa hech kim so‘ragani ham yo‘q. 10 - avgust kuni yaqinlarim meni Shahrisabzga olib borib, tomografiya qilib kelishdi. Ikkita qovurg‘am singanligi, boshim yorilgani haqida xulosa berdi”.

Kamol Norboboyevga berilgan tomografiya xulosasi

Tadbirkorning iddao qilishicha, IIB tergovchisi ham, vrachlar ham Tuymayevga yon bosishyapti:

“Tuymayevning puli ko‘p. Katta bozorning egasi. Biz esa oddiy tadbirkor. Ular xohlasa uradi, xohlasa tepadi. Biz javob bersak, gunohkor bo‘lamiz. Haqorat qildi, men ham haqorat qildim. Urdi, men ham urdim. Lekin nomardlik qildi, ko‘pchilik bo‘lib o‘rtaga olib tepishdi”.

Mansur Tuymayev

Yakkabog‘ tumanidagi qurilish mollari bozori muassisi Mansur Tuymayev Ozodlik bilan suhbatda “kattalar xodimlariga tanbeh berishga haqqi borligi"ni ta’kidlar ekan, bu janjalda o‘zi ham jarohat olganini aytdi:

“Bu yigit uzoqroq qarindoshimiz bo‘ladi, otasi bolam bekor yurmasin, deb iltimos qilib kelganda, bozorga o‘zimiz kiritganmiz. O‘sha kuni men Qarshida edim, telefonini olmadi. Kelib, nega taroziga qarab turmading, ushlab turmading, dedim. Keyin o‘zi so‘kinib ketdi, men senga qorovulmanmi, deb. Yigitlar ikki-uch marta unday qilma deb, joyiga olib borib qo‘ydi. Keyin u montirovka olib kelib, kallaga urdi. Kallam yorilib ketgan, bolnitsada yotibman. Bolalari urdi, qarindoshlari urdi, degani tuhmat”.

Mansur Tuymayevning aytishicha, holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ozodlik bu jinoyat ishini tergov qilayotgan Yakkabog‘ IIb tergovchisi G‘ayrat O‘roqovning mobil telefoniga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, ammo tergovchi qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Qashqadaryo viloyat IIB Axborot xizmati 10 - avgust kuni ushbu voqea haqida shunday ma’lumot tarqatgan edi:

"Ushbu holat tuman IIB Navbatchilik qismidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida 2021 - yilning 9 - avgust kuni soat 15.00 larda Yakkabog‘ tumanidagi qurilish mollari bozorida yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi N.K. bilan fuqaro T.M. o‘zaro kelishmovchilik natijasida janjallashib qolib, janjal vaqtida har ikkalasi ham tan jarohati olganligi aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari Yakkabog‘ tumani IIB tomonidan olib borilmoqda. Tekshiruv yakuni bilan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi".


2019 - yilning 20 - iyul kuni Qashqadaryo viloyat Yakkabog‘ tumanidagi tadbirkor kreditga qurilgan ikki qavatli yangi do‘koni va sexini buzishga kelgan tuman hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevning ustiga benzin sepib¸ yoqib yuborgan edi.

Qo‘lidan kuyish jarohati olgan Mansur Tuymayev kasalxonada davolanib chiqqan va keyinroq tuman hokimi o‘rinbosari vazifasidan ozod etilgan edi.

Unga o‘t qo‘ygan tadbirkor Bahriddin Isomovga qo‘yilgan "qasddan odam o‘ldirish” ayblovi "kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish"ga qayta malakalanib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi bekor qilingan edi.