Yana bir hokim muovini talon-toroj ortidan qamaldi

Illyustrativ surat

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimining o‘rinbosari G‘ulom Bektemirov 1 yil davlat idoralarida mansabdorlikda ishlash huquqidan mahrum etilgan holda 5 yil-u 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Sud uni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topgan.

Kun.uz nashrining sud hujjatlariga tayangan holda xabar qilishicha, xalq deputatlari Taxiatosh tumani kengashining 2023-yil 23-iyunidagi qarori bilan “Universal Energo G‘aiz Stroy” MCHJ tumandagi ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumida isitish tizimlarini amalga oshirishda xususiy sherik sifatida kiritilgan. So‘ngra tuman hokimligi va MCHJ o‘rtasida jami 12 milliard 440 million so‘mlik (shundan 6 milliard 220 million so‘mi budjet mablag‘i) davlat-xususiy sheriklik bitimi tuzilgan.

Mazkur bitimda tumandagi 49 ta ijtimoiy soha obyektida 173 ta yangi isitish qozoni o‘rnatilishi va isitish tizimlari modernizatsiya qilinishi, ko‘mir uchun omborxona qurilishi hamda boshqa ta’mirlash ishlari bajirilishi belgilangan. Ammo hokim o‘rinbosari G‘ulom Bektemirov MCHJ rahbari Amanbay Karashayev bilan til biriktirgan holda loyiha-smeta hujjatlarida nazarda tutilgan ishlarni to‘liq bajarmasdan, soxta hisob-faktura tayyorlashgan.

Shu tariqa 760 million so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Hokim muovini, shuningdek, hokimlik balansida bo‘lgan va rejaviy buzilishga tushgan uyni buzish hamda undan chiqqan materiallarni sotish vakolatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga mahalliy fuqarodan 32 million so‘m olgan.

35 yoshli G‘ulom Bektemirov 2022-yil may oyidan Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jaligi, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Avvalroq Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimi o‘rinbosari 7 yilga qamalgani, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimi muovini esa 5 ming dollar pora bilan ushlangani xabar qilingandi.