Yana O‘zLiDeP? Mirziyoyev tadbirkorlar bilan "ochiq muloqot"ga hozirlanmoqda

O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan kutilayotgan ochiq muloqotining aniq sanasi e’lon qilinmayapti.

Muloqot o‘tkazilishi haqida mahalliy nashrlar tarqatgan xabarda rasmiy manbaga havola yo‘q, ammo barcha xabarlarda davlat rahbari bilan muloqot oldidan tadbirkorlar murojaatlarini qabul qiluvchi manzillar, telefon raqamlari, ijtimoiy tarmoqlar platformalaridagi akkauntlar e’lon qilindi.

Ayni paytda Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, ba’zi tadbirkorlar allaqachon murojaat qilishga ham, rad javobini olishga ham ulgurgan.

Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasi boshlanishi kutilayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston prezidenti lavozimiga Shavkat Mirziyoyev nomzodini 5 yil oldingi saylovda “O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati” ko‘rsatgan edi.

O‘zLiDePning rasmiy saytida Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga doir qo‘shimcha ma’lumot yo‘q, partiya vakillari kelayotgan saylovlarda amaldagi prezident nomzodini ko‘rsatishi borasida biron bayonot bermagan.

Amaldagi davlat rahbari ham, bosh vazir ham rasman iqtidordagi partiya hisoblangan O‘zLiDeP nomzodlari sanaladi.

Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvi to‘g‘risidagi rasmiy e’londa aytilishicha, “tadbirda tadbirkorlar oldidagi dolzarb muammolar va ularning yechimlari, respublikada biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha taklif va tashabbuslar muhokama qilinadi”.

Hozircha uchrashuv bilan bog‘liq ko‘p narsa noma’lum

Prezident bilan muloqot to‘g‘risida O‘zA axborot agentligi xabar berdi, xolos. Uchrashuvning qachon o‘tkazilishi ma’lum emas.

“Joriy yil 20 - iyuldan 31 - iyulgacha faoliyatingizga bog‘liq masala, biznesingizni kengaytirish va rivojlantirishga turtki beradigan g‘oya va takliflar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilishingiz mumkin”, deyilganidan kelib chiqilsa, Prezident bilan uchrashuv avgustning dastlabki kunlarida o‘tkazilishini taxmin qilish mumkin.

Prezident bilan uchrashuvning formati ham noma’lum. O‘zA xabarida “to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilishingiz mumkin” deyilgan va so‘ngra murojaatlarni har bir tumandagi tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari yoki Shtab “Call-markazi”ga jo‘natish so‘ralgan.

Xo‘sh, “to‘g‘ridan-to‘g‘ri” muloqotmi yoki Prezident keyinroq yozma savollarga javob beradimi – hozircha bu savolga javob yo‘q.

O‘zbekistonni tashlab chiqib ketgan tadbirkor : Yangi qonunlar kerak

Birinchi suhbatdoshimiz asli sirdaryolik, biznesini hozirda Rossiya va Germaniyada yuritayotgan 56 yashar Farhod Ustajalilovdir.

"Tadbirkorlikni o‘zimizda – Sirdaryoda, 90- yillarda boshlaganman. 1992 - yildan 1998 - gacha O‘zbekistonda rasman ishlaganman. U paytlarda hamma “qiyshiq” ishlar edi. To‘g‘ri ishlaydigan biznesmen yo‘q. Gapiraman, desam gap ko‘p. 1998 - yili boshim prokuraturadan, IIBlardan chiqmay qoldi. Chaqir-chaqir, sur-sur..."

Shundan so‘ng Farhod Ustajalilov O‘zbekistondan ketish harakatiga tushadi.

"Biznesimni yig‘ishtirdim, hamma firmalarimni yopdim. 2000 - yildan boshlab, O‘zbekistondan chiqib ketishga urina boshladim. Avvaliga Toshkentga ko‘chdim. 2005 - yili oilamni Germaniyaga ko‘chirdim. Ularning ortidan o‘zim ham yetib bordim".

Farhod Ustajalilovning informatsion texnologiyalar bilan bog‘liq biznesi mana 20 yildan buyon Germaniya va Rossiyada davom etmoqda, rivojlanmoqda.

Ozodlik bilan Moskvadan gaplashgan, O‘zbekistonga tez-tez kelib-ketib turadigan, so‘nggi marta shu yilning aprelida kelib-ketgan tadbirkordan biznesingizni O‘zbekistonga ko‘chirgan bo‘larmidingiz, deb so‘radik.

"Men borib O‘zbekistonda biznes qilsam bo‘ladi. Men shug‘ullanishim uchun yaxshi yo‘nalishlar bor. Lekin kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun davlat ba’zi bir qonunlarni qabul qilishi kerak".

O‘zbekistonda ishlayotgan tadbirkor: Qonunlar yetarli, lekin ishlamayapti

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon Farhod Ustajalilov aytayotgan me’yoriy hujjatlar ko‘plab qabul qilindi. Hatto 2020 - yil kuzida maxsus Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tuzilgan. Bu yil fevralda esa, mazkur agentlik faoliyatini samarali tashkil etish to‘g‘risida yana bir qaror qabul qilindi.

Biroq O‘zbekistonda ishlayotgan tadbirkorlar qator qonunlar, qarorlar va farmonlardan naf bo‘lmayotganini aytadi.

“Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashadimi-uchrashmaydimi – baribir, qonun ustuvor bo‘lmas ekan, hech narsa o‘zgarmaydi”, dedi “Savdo birlashmasi markazi” MChJ rahbari, andijonlik Kushodbek Usmonov. Tadbirkor 2015 - yili o‘z boshiga tushgan va Oliy sudgacha yetib ham uning foydasiga hal bo‘lmagan ish haqidagi hikoyasini mana bunday boshladi:

“2015 - yili biz ichki ishlar bo‘limi, prokuratura, sudlarga donorlik qilishni to‘xtatib qo‘ydik. Gapning indallosi: pul bermay qo‘ydik. Soliq to‘layapmiz, shu yetadi, qo‘shimcha pul bermaymiz dedik va shundan keyin boshlandi ko‘rgiliklarimiz...”

Kushodbek Usmonovning aytganlari alohida hikoya. Hozircha uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, ish sudga yetgani, ishxonasiga katta miqdorda jarima solingani, 2019 - yil 18 - fevralida tadbirkor Oliy sud raisi Kozimjon Komilovning qabulida bo‘lgani, lekin baribir dastlabki instansiya sudi o‘z kuchida qolaverganini aytib o‘tish bilan cheklanamiz.

“Yo “dolya” berib turasiz yoki “domkratingiz” bo‘lishi kerak O‘zbekistonda biznes qilish uchun”, dedi andijonlik tadbirkor.

Tadbirkorlikning ikki bosqichi

Jurnalist, “Negativ” videoblogi muallifi Ulug‘bek Ashur bir necha yildan buyon o‘zbek tadbirkorlari mavzusini ham keng yoritib keladi. Ko‘rsatuvining so‘nggi sonlaridan birida bloger muvaffaqiyatli o‘zbek tadbirkori faoliyatini shartli ravishda ikki davrga bo‘ldi:

Birinchi davr: Rivojlanish davri. Bu bosqichda tadbirkorga birov halaqit bermaydi, ba’zi holatlarda hokimlar va boshqa amaldorlar yordam ham berishi mumkin.

Ikkinchi davr: "Zuluklar" davri. Bu bosqichda tadbirkor o‘zi yashab turgan hududdagi davlat amaldorlarining “cho‘ntagi”ga aylanadi.

"Rustambank": Qonun ishlamaydigan mamlakatda tadbirkorlik qilish ahmoqlikdir

1990- yillar boshida O‘zbekistondagi ilk xususiy bankni ochgan Rustam Usmonov (Rustambank) Ozodlik bilan suhbatda qonun ustuvorligining muhimligini ta’kidlaydi:

“O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish haqida eng zo‘r qonunlar va qarorlar qabul qilingan. Afsuski, ularning ijrosi beriladigan sovg‘a-salomga bog‘liq. Davlat maslahatchisiga 100 ming AQSh dollari bermaganim uchun 19 yil qamoqda bo‘libgina qolmay, bor boyligimni tortib oldilar. Qamoqdan chiqqanimdan buyon oqni oq, qorani qora deydigan prokuror topilmadi. Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qonun ustuvorligiga erishish kifoya. Qonun ishlamaydigan mamlakatda tadbirkorlik qilish ahmoqlikdir”.

Rad etilgan murojaat

Prezident bilan uchrashuv oldidan davlat rahbariga murojaat jo‘natishga ulgurganlar ham borligi ma’lum bo‘ldi. Ulardan birining, ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha, Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlarning murojaatlarini to‘plashni boshlagan.

Tadbirkor hamfikrlari bilan o‘z murojaatini pochta orqali, telefon raqami orqali va telegram bot orqali yuborgan. Tadbirkorning yozishicha, murojaat kontrabanda va uning mahalliy tadbirkorlarga zarari haqida edi. Javob ham kuttirmagan:

“Murojaatimiz ortidan Prezident idorasidan chaqiruv oldik. Ulug‘bek degan xodimning aytishicha, bu mavzu javobsiz qolar ekan. “Murojaatlarni yozishda davom etsangiz, “boshqacha gaplashamiz” deb tahdid qildi. Ya’ni, hamma narsa eski kunlarda bo‘lgani kabi – ba’zi bir amaldorlar kontrabandani va Abu-Saxiy bozorini himoya qilyapti, rivojlanishimizga ruxsat bermayaptilar. Ayni paytda ular bizga tahdid qilyapti va Prezidentga murojaat qilishimizga to‘sqinlik qilyaptilar”.

Saylov yaqin...

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Prezidentning saylov kampaniyasi arafasida aynan tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazayotgani bejiz emas. Ozodlik bilan suhbatda siyosatshunos bunday dedi:

“2003 - yilda “O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati” tashkil qilingan edi. Bu partiya bir vaqtning o‘zida, umummilliy harakat ham hisoblanadi. Davlatning asosiy tayanch partiyasi – O‘zLiDeP hisoblanadi, aynan shu partiya intellektual, moliyaviy va insoniy resurslar bilan cheksiz ta’minlab kelinadi. O‘zbekiston siyosiy elitasining, taxminan 70-80%i mana shu partiya a’zosi hisoblanadi”.

Kamoliddin Rabbimov prezident Mirziyoyevning tadbikorlar bilan uchrashayotgani Prezident saylovi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi ehtimolini soqit qilmaydi.

Mirziyoyevdan farqli o‘laroq Islom Karimov nomzodi har gal boshqa partiyadan ko‘rsatilganini eslab, siyosatshunos bunday dedi:

“O‘zbekistonda “hokimiyat partiyasi” borasidagi davlat siyosatini, ikki davrga bo‘lish mumkin. 2003 - yilga qadar prezident va parlament saylovlarida Islom Karimov yangi partiyalar orqali o‘z nomzodini ko‘rsatdi eki o‘zi tayanadigan asosiy parlament fraksiyasini shakllantirdi. Masalan, 1991-96 - yillarda, “hokimiyat partiyasi” – O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi edi, aynan shu partiya orqali prezident va parlament saylovlarida o‘z nomzodini ko‘rsatgan edi, referendumni ham shu partiya orqali rasmiylashtirgan edi. 1999 - yilgi parlament va prezidentlik saylovlarida, bugun mavjud bo‘lmagan “Fidokorlar milliy-demokratiya partiyasi” hokimiyat partiyasi rolini ijro etdi. 2003 - yilga kelib, hokimiyat partiyalar borasidagi davlat siyosatini qayta ko‘rib chiqdi. Endi, har safar yangi partiya tuzish emas, bitta barqaror va qudratli partiya tashkil qilish taktikasiga o‘tildi”.

O‘zbekistonda prezident saylovlari shu yilning 24 - oktabrida bo‘lib o‘tadi. Parlamentdagi mavjud besh partiya rahbarlari prezidentlikka nomzod bo‘ladigan saylovlarda ko‘pchilik amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi muddatga saylanishiga shubha qilmaydi.