Yangi alifboga o‘tishning yangi muddati belgilandi. Oldingi muddat 2010 - yil edi

10 - fevralida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2023 - yil 1 - yanvardan boshlab, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tish haqidagi qarori e’lon qilindi.

O‘zbek yozuvini kirilldan lotinga o‘tkazishga doir ilk hujjat imzolanganiga 28 yil bo‘ldi. 1993 - yili qabul qilingan qonunga binoan o‘zbeklar lotin yozuviga asoslangan yangi alifboga bundan 11 yil muqaddam to‘la o‘tib bo‘lgan bo‘lishi kerak edi.

Hukumat qarorlarining an’anaviy “yo‘l xaritasi”

10 - fevralda qabul qilingan, kirill alifbosida yozilgan qarorning birinchi ilovasiga uni amalga oshirishning “Yo‘l xaritasi” tirkalgan. Hujjatning keyingi ilovasida uni amalga oshiruvchi hukumat a’zolari, jamoat arboblaridan iborat komissiya vakillarining ismi-shariflari mavjud.

Qaror ijrosiga mas’ul nomdor shaxslar orasida orasida Bosh vazirdan Yozuvchilar uyushmasi rahbarigacha, Hukumatning 15 nafar a’zosidan bir siyosiy partiyaning raisigacha bor. 27 nafar mas’ullar orasida tilshunos olimlar, adabiyotchilar ular a’zosi yoki xodimi bo‘lgan uyushma yoki o‘quv yurtlari rahbarlari timsolida mavjud, xolos.

Keyingi yillarda chiqqan hukumat qarorlarining an’anaviy yo‘l xaritalariga monand qabul qilingan “Yo‘l xaritasi” lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining normativ huquqiy hujjatlar bazasini ishlab chiqishdan boshlanadi.

Holbuki, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining normativ huquqiy hujjatlar bazasini yaratish borasidagi ilk huquqiy hujjat — «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 1993 - yil 12 - oktabrda joriy qilingan.

Mazkur Qonunni amalga oshiruvchi komissiya tarkibida ham bugungi qaror amaliyoti uchun mas’ul 27 idoraning 22 nafar sobiq rahbarlari bor edi. Qonunda 2010 - yil 1 - sentabrdan mamlakatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga so‘zsiz o‘tilishi belgilangandi.

Eski hujjatga kiydirilgan yangi muqova

28 yil avvalgi «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi qoidalarini yaratish, bu borada davlat dasturini ishlab chiqish va joriy etish talabi qo‘yilgandi.

Hukumatning 10 - fevral kungi qarorining birinchi ilovasi 2-bandida ham xuddi shu talablar qo‘yilgan.

Ya’ni, komissiya qoidalarni ishlab chiqadi, alifboni tuzatadi va uni qonun hujjatlariga muvofiqlashtiradi.

Yangi hukumat qarori leksikoni “lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini lingivistik ekspertizadan o‘tkazish” singari birmuncha zamonaviy jumlalar bilan boyitilgani va ijro muddati 17 yildan 2 yilga qisqarganini hushyor odam darrov farqlaydi.

Olimlar pessimistik kayfiyatda...

Ozodlik suhbatlashgan adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek shu paytgacha amalga oshmagan islohot endi amalga osharmidi, deb, shubhalarini yashirmadi:

“Hatto bugungi Hukumat qarorining o‘zi kirill alifbosida chiqibdi-ku! Bunisiga nima deysiz? Bu islohotni amalga oshirish mexanizmlari zaif. Shunga qaramay, hukumat agar istasa, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga qiyinchilik bilan bo‘lsa ham o‘tsa bo‘ladi. Lekin bunga ishonchim sal kamroq”.

Filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshevga ko‘ra, alifboga o‘tish jarayonini davlat tiliga amal qilish jarayoni bilan parallel olib borish zarur:

“Alifbo va davlat tili muammosi ayni bir paytda ahamiyati bir-biridan kam bo‘lmagan muammolardir. Agar hukumat istasa, bu islohotni amalga oshirish mumkin. Hatto bunday islohot turkiy tilli davlatlar birlashuvi yo‘lidagi ilk qadam bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun alifbodagi kamchiliklar degan kichik muammolarni keyinga qoldirib, jarayonni tezlashtirish kerak”.

Jarayonnni tezlashtirish uchun hukumat nima qilmoqchi?

Hukumat qaroriga muvofiq, yaqin bir yilda shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar, ID-kartalar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hamda chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalari, ish qog‘ozlari, turli blanklar, joy, ko‘cha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e’lonlarning lotin yozuvida bo‘lishi ta’minlanadi.

Markaziy, mahalliy bosma va elektron OAV, internet saytlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari faoliyati to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkaziladi.

Innovatsiya vaziriga innovatsion topshiriq

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi joriy qilinishi ayniqsa sovet davrida ta’lim olgan katta avlod vakillari uchun birmuncha noqulayliklar tug‘diradi.

Ommaviy axborot vositalarining mazkur yozuvga o‘tishi, jamoat joylaridagi peshlavhalarning, o‘quv adabiyotlarining o‘zgarishi yangi alifboda savodi yo‘qlarni qiynab qo‘yadi. Yoki teskarisi — kirillda yaratilgan resurslardan yangi avlod vakillari bebahra qolish xavfi bor.

Qarorda aynan shu muammoni barataraf qilish maqsadida Innovatsiya vazirligiga yangi dasturiy ta’minotlar, konverterlar ishlab chiqarish majburiyati yuklangan.

Toshkentlik internet dasturchisi Salim Shorahmedovga ko‘ra, hozirda internetning GOOGLE tarmog‘i atigi bir necha soniyada matnlarni o‘nlab lotindan kirillga, kirilldan lotinga o‘giruvchi shunday dasturlarni chiqarib beradi.

Biroq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining o‘zi mukammal bo‘lmagani uchun dasturiy ta’minotda kamchiliklar etarlidir.

Alifbo masalasi nega hukumatning esiga tushib qoldi?

Qarorni sharhlagan Adliya vazirligi mulozimiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining virutal qabulxonasiga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini yaratish yuzasidan bir necha ming murojaat tushgan. Soddaroq qilib aytilsa, xalq shuni istamoqda.

Ozodlikning mobil muxbirlariga ko‘ra, ziyolilar to‘planadigan go‘shalarda til islohoti sobiq prezident Karimovning ham, joriy davlat rahbari Mirziyoyevning ham o‘ziga xos piari ekani haqida gapirilmoqda. Ya’ni, maqsad saylovlar oldidan ommaning og‘riqli muammosiga e’tibor qaratishdir.

9 - fevral kuni Mirziyoyev Prezident Konstitutsiyaga saylovlar sanasi bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga muvofiq, bu yilgi prezident saylovlari 24 - oktabrda o‘tishi kutilmoqda.