“Yangi Angren” IESdagi portlashda o‘lgan ishchi oilasi rasmiylarni yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblamoqda (VIDEO)

“Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasi

“Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasidagi (IES)portlashda nobud bo‘lgan ishchi oilasi hodisaning jiddiy tergov qilinishini talab qildi.

Vafot etgan ishchilardan biri – 40 yashar Nazira Rejaboyevaning yaqinlari portlashga elektr stansiyasida xavfsizlik qoidasiga amal qilinmagani sabab, deb da’vo qilmoqda.

Stansiyaning Ozodlik gaplashgan bir necha ishchisiga ko‘ra, bu da’voda jon bor va agar stansiyadagi muammolar zudlikda hal qilinmasa, fojia yana takrorlanishi mumkin.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) bergan ma’lumotga ko‘ra, 20 - yanvar mahalliy vaqt bilan soat 11 - yarimlarda sodir bo‘lgan portlashda “Yangi Angren” IESning 3 nafar ishchisi nobud bo‘lgan, yana 3 kishi jarohatlangan.

Bu elektr stansiya rahbar xodimlaridan biridan olingan ma’lumotga ko‘ra, IES boshqaruvini olgan qozog‘istonlik investorlar ham, eskirib ketgan agregatlarni ta’mirlash yoki yangilashga shoshilmayotir.


Toshkent viloyatining Ohangaron tumani Qoraxitoy qishlog‘ida yashagan 40 yashar Nazira Rejaboyeva 20 - yanvar kuni “Yangi Angren” IESda sodir bo‘lgan portlash qurbonlaridan biridir.

"Yangi Angren" IESdagi portlashda o‘lgan ishchi Nazira Rejaboyeva.

Uning oilasi – kelini Lola Boyg‘ozova va akasi Narimon Rejaboyevlar Naziraning o‘limi IESdagi ishchilarning og‘ir ahvolda ishlayotgani dalilidir, deb da’vo qilishmoqda

Lola Boyg‘ozova Ozodlik bilan suhbatda, IES 5-blokida ishchilar xavfsizligi ta’minlanmagan va shu sabab opam nobud bo‘ldi, deb da’vo qildi.

Atishicha, uning o‘zi ham IES ma’muriyatida oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi va stansiya ichidagi vaziyatdan yaxshi xabardor.

- Nazira opam stansiyaning 5-blogida, 52-otmetkada bo‘lgan. Masterlar o‘sha joylarni tekshirishi kerak edi. Aslida 24 soatdan keyin ishchilar kiritilishi kerak edi. Lekin ular 12 soatdan keyin ishchilarni o‘sha joyga ishga qo‘ygan. Ishchilarning sog‘ligi, xavfsizligi inobatga olinmagan, buni borib ko‘rmaguncha tasavvur qilish qiyin, - deya iddao qildi Lola Boyg‘ozova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisadan 2 kun o‘tib ham ularga hech qanday tushuntirish berilmagan, hatto portlash bo‘lgani va unda opasi Nazira o‘lgani haqidagi xabarni ham tasodifan eshitib qolib, o‘zlari IESga borishgan.

- Mulla akam o‘zlari chiqib, 52 metr balandlikdan 3 ishchining suyaklarini terib tushganlar. 100 foiz kuyish bo‘lgan, dahshatli falokat bu. IESdan bir odam hali kelib xabar olmadi, janozada ham qatnashmadi. Faqat opam ishlagan VETI (VostokEnergoTeploIzolyatsiya tashkiloti- tahr) Toshkentdagi idorasidan kelib, 2 million so‘m berishdi, yana 2 million ertaga berisharmish. Lekin, hamma yoqqa “xabar oldik, moddiy-ma’naviy yordam berdik» deb yolg‘on xabar chiqarib yotishibdi. Bu yerda opam o‘lib ketdi, ikki bolasi yetim qoldi – bunga kim javob beradi?! - deydi Lola Boyg‘ozova.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Yangi Angren" IESdagi portlashda o‘lgan Nazira Rejaboevaning yaqini bilan suhbat

Boyg‘ozovaga ko‘ra, portlashda nobud bo‘lgan 3 ishchi – IES hududida bajariladigan eng og‘ir ishlar – nosoz qurilmalar va lyuklarni yamash, tozalash va izolyatsiya qilish ishlari bilan shug‘ullangan, kuniga 8 – 12 soatga cho‘ziladigan bir oylik ish uchun 2 – 3 million so‘m atrofida maosh olishgan.

Boyg‘ozova hodisadan so‘ng qaynog‘asi Narimon Rejaboyev bilan birga qilgan videomurojaatni ham Ozodlikka taqdim qildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Yangi Angren” IESda portlash qurboni yaqinlari: rasmiylar yolg‘on axborot tarqatyapti

Ozodlikning hodisa yuzasidan “Yangi Angren” IES rahbariyati va 20 - yanvar kungi portlashda nobud bo‘lgan N. Rejaboyevani ishga yollagan tashkilot - "VostokEnergoTeploIzolyatsiya" OAJ dan izoh olishga urinishlari natija bermadi.

IES ma’muriyatida quyi lavozimda ishlashini aytgan, ammo ismi sir qolishini so‘ragan mas’ulga ko‘ra, bu ish bo‘yicha tergov-surishtiruv boshlangani bois har ikki idora rahbarlari matbuot vakillaridan qochmoqda.

“Aslida bu portlash bahona IESning ahvoliga jiddiy e’tibor qaratishsa yaxshi bo‘lardi. Biz Toshkentdagi kattalarni ogohlantiraverib, juda charchaganmiz. IESda ta’mirlash, yangilash kerak bo‘lgan otseklar juda ko‘p”, - dedi bu mas’ul va boshqa savollarga javob berolmasligini aytib, aloqani uzdi.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) bergan ma’lumotga ko‘ra, 20 - yanvar mahalliy vaqt bilan soat 11 yarimlarda sodir bo‘lgan portlashda, “Yangi Angren” IESning 3 ishchisi nobud bo‘lgan, yana 3 nafari jarohatlangan.

Rasmiy bayonotda portlash “chang-ko‘mirli havo aralashmasining chaqnashi” natijasida sodir bo‘lgani, chaqnashning kelib chiqish sabablari bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangani aytildi.

Hodisa yuz bergan kunning o‘zida Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan Angren shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Ikki hafta muqaddam Talimarjon issiqlik elektr stansiyasidagi har birining quvvati 450 MVt bo‘lgan ikkita energoblok to‘xtagani, buning oqibatida Qashqadaryo viloyatining qator tumanlarida suv va elektr energiyasi ta’minoti to‘xtab qolgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgandi.