"Yangi Jaloliddin". Moskvada ishlangan Manguberdi haykali vatanida muammoga duch keldi 

Urganch markaziga o‘rnatilayotgan haykal dunyodagi eng katta bronzadan yasalgan ot sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kirishi mumkin.

Jaloliddin Manguberdining 50 tonnalik haykalini o‘rnatish rejalangan Xorazmning Urganch shahri markazida ushbu qimmatbaho loyihani amalga oshirayotgan me’mor va quruvchilar muammoga duch kelmoqda.

Xorazm viloyat Arxitektura boshqarmasi ismi sir qolishini so‘ragan mulozimining Ozodlikka aytishicha, qazish payti yer ostidan suv sizib chiqishi qiymati kamida 2 million AQSh dollariga teng ekani aytilgan haykal va majmua qurilishini xavf ostiga qo‘ygan.

“Suv chiqishi sabab haykal va tunnel joyi surildi, hozir endi u yerdan ham suv chiqyapti. Loyihani tuzishda mahalliy tuproq-iqlim sharoit inobatga olinmagan. Bilasiz, Xorazmda yer osti suvlari sathi yuqori, tuproqni bir metr qazisangiz, suv chiqib kelaveradi. Hozir muammoning yagona yechimi suvni muntazam tortib olib turuvchi drenaj o‘rnatish bo‘lyapti”, - dedi mulozim.

Yer osti suvi sizishi bois qurilish cho‘zilayotganini u yerda ishlayotgan muhandislar ham Ozodlikka tasdiqladi.

Jaloliddin Manguberdining 25 metrlik haykali va uning ostidan o‘tuvchi yarim kilometrlik yer osti yo‘lining qurilishi aprel oyida boshlangan va uni O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yillik sanasiga bitkazish mo‘ljallangan edi.

Haykalga joy ochish uchun shahar markazidagi ma’muriy va ba’zi turar-joy binolari buzib tashlandi.

Urganch markazidagi al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari kesishmasidagi qurilish ketayotgan 10 gektarlik maydon hozir yog‘och to‘sinlar bilan o‘rab olingan, avtomobil qatnovi u yerda vaqtincha to‘xtatilgan.

Mirziyoyevdan chiqqan tashabbus

Bronzadan yasalgan haykal Rossiyadagi “Lit-Art” haykaltaroshlik kombinatida quyilib, ikki oy avval Urganchga olib kelindi.

“Haykal vagon stansiyasi omborxonasida yotibdi. Uni qo‘yadigan joy masalasi muammo bo‘lyapti. Bu loyiha Urganchning mahalliy tuproq-iqlim sharoiti yaxshi o‘rganilmasdan tuzilgan. Bu kamchiliklarni tuzatish ortiqcha mehnat va qo‘shimcha mablag‘larni talab etyapti”, - dedi Xorazm viloyat Arxitektura boshqarmasining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi.

O‘zbek matbuotining yozishicha, dunyodagi bronzadan yasalgan eng katta ot bo‘ladigan Jaloliddin Manguberdining mahobatli haykalini o‘rnatish tashabbusi prezident Shavkat Mirziyoyevga tegishli.

Haykal uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 - yil 22 - martdagi 199-F-son farmoyishiga binoan, davlat byudjetidan katta mablag‘ ajratilgan.

Farmoyishda qurilish uchun qancha mablag‘ sarflanishi aytilmagan.

Bronzadan yasalgan eng katta ot

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi mulozimi haykal 3 milliard so‘mga narxlangani, ammo bu summaga 10 ta bo‘lkadan iborat ulkan haykal parchalarini Moskvadan Urganchga keltirish bilan bog‘liq logistika xarajatlari kirmasligini Ozodlikka bildirgan edi.

Moskvada yasalgan Jaloliddin Manguberdi haykali ikki oy avval Urganchga olib kelindi.

Haykal o‘rnatilagan maydon ostidan yopiq qismi 260 metr, ochiq qismi 240 metr bo‘lgan yer osti yo‘li quriladi.

Kengligi 17 metr, balandligi 5 metr bo‘lgan ushbu tunnel O‘zbekistondagi eng uzun yer osti yo‘li bo‘ladi.

Uning ustiga og‘irligi 50 tonna bo‘lgan 25 metrlik haykal qo‘yiladi. Bu bronzadan yasalgan dunyodagi eng katta ot sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kirishi ham aytilmoqda.

"Puli ko‘paygan tandir buzib-quradi"

Xorazmlik nafaqadagi arxitektor Quronboy Ro‘zmetov bu yer osti yo‘li Urganch shahri uchun “juda ambitsioz loyiha” ekanini aytadi.

“Sovet davrida ham Urganchda yer osti qurilishlariga ruxsat berilmagan, chunki yer ostidan suv chiqadi bizda. Shaharni bitta joyida bor, bozor yaqinida yer ostidan piyodalar o‘tish joyi. U ham chuqur qazilmagan, shunda ham o‘tib bo‘lmaydi, doim suv bosib yotadi. Endi hozir yangi qurilish texnologiyalari bordir, lekin o‘sha paytda yer osti qurilishlari Urganch sharoitiga to‘g‘ri kelmasligi aytilgan”, - deydi Quronboy Ro‘zmetov.

Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi kompleksi.

Urganchlik ziyoli¸ "Oltin meros" jamg‘armasi Xorazm viloyat bo‘limi rahbari Komil Nurjon ham Ozodlik bilan suhbatda yangi haykal o‘rnatish uchun qurilish ishlari ketayotgan maydondan sal narida Jaloliddin Manguberdining 14 metrlik ulug‘vor haykali turganiga e’tibor qaratdi.

"Puli ko‘paygan tandir buzib-quradi", deyishadi. Haykal bor-ku, uni buzib, buni qurishning nima keragi bor?. Ichimlik suv tizimi nochor¸ yo‘llar yaroqsiz shaharda ikkita Jaloliddin haykaliga zarurat bormi? Bunga ketadigan milliardlarni shahar obodonchiligi¸ kommunikatsiya va infratuzilmani yangilashga¸ qariyalar va aholining nochor qatlamini qo‘llab-quvvatlashga ajratilsa yaxshi bo‘lardi", - deydi Komil Nurjon.


Xorazm viloyat hokimligi Kapital qurilish bo‘limi rasmiylari Urganch markazida barpo etilayotgan yangi haykal va yer osti yo‘li qurilishida yuzaga kelgan muammolar xususida Ozodlikka izoh bermadi.

Hokimlik yangi haykal o‘rnatilganidan keyin Jaloliddin Manguberdining eski haykali taqdiri nima bo‘lishi haqida ham jamoatchilikka ma’lumot bermagan.