O‘zbekistonda yangi ta’sis etilgan “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi faollari bir guruh bloger va ayollar partiyaning 12 - martga rejalangan yig‘ilishini buzganini aytishmoqda.
Professor Xidirnazar Allaqulov yetakchiligidagi tashabbuschilar guruhi 8 - mart kuni “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi ta’sis qurultoyini o‘tkazgan edi.
Partiya matbuot kotibi Bahrom G‘oyibning Ozodlikka bildirishicha, 12 - mart, soat 15 da Toshkent viloyat, Qibray tuman, Parkent mahallasi, Behbudiy ko‘chasidagi 11- xonadonda partiya faollarining yig‘ilishi bo‘lishi, unda partiya tarafdorlarining imzolarini yig‘ishni uyushtirish masalasi ko‘rilishi kerak edi.
Bahrom G‘oyibning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rsatilgan manzilda yig‘ilish o‘tkazilishi bir kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan.
“Men yig‘ilish o‘tadigan hovliga soat uchdan biroz oldin bordim. Qarasam, hovli to‘la odam. Blogerlar, ular orasida birining ismi Shuhrat ekanini bilaman, qolganlarining ismini eslolmadim, lekin blogerligini bilaman. Yana qandaydir ayollar bor edi. Hammasi nechtaligini aytishim qiyin. Lekin hovli to‘la odam edi. Birozdan keyin Xidirnazar Allaqulov yetib keldi. Uning kelishini kutib turishgan ekanmi, birdan biri qo‘yib, ikkinchisi savol berishni boshladi”, - dedi partiya matbuot kotibi.
Bahrom G‘oyibning aytishicha, Xidirnazar Allaqulovga murojaat qilganlar savollarni qo‘llaridagi qog‘ozdan o‘qib berishgan. “Masalan, blogerlardan biri Allaqulovdan “Siz nima uchun xorijdagi vatan xoinlari Jahongir Muhammad, Namoz Normo‘minlar bilan muloqot qilyapsiz?” deb so‘radi”, dedi partiya matbuot kotibi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xidirnazar Allaqulov yig‘ilishni boshlashga, janjal chiqarishga urinayotganlarni insofga chaqirishga uringan, “Siyosiy madaniyatingiz bo‘lmasa, hech yo‘q insoniy madaniyatingiz bo‘lsin”, degan.
“Biroq bunday sharoitda yig‘ilish o‘tkazish imkonsiz edi va shuning uchun yig‘ilishga kelgan partiya faollari tarqalib ketdi, Allaqulov ham soat 4 atrofida Toshkentga qaytib ketdi. U kishi ketganidan keyin blogerlar va ular bilan birga kelgan ayollar hovlidan ko‘chaga chiqib, yana biroz baqir-chaqir qilib turdi va keyin ketishdi. Ular ortidan men ham ketdim”, - dedi Bahrom G‘oyib.
“Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi tashabbuschilar guruhi yetakchisi, partiya ta’sis qurultoyida uning raisi etib saylangan Xidirnazar Allaqulov hamda Qibraydagi yig‘ilishga borgan blogerlar bilan hozircha bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
8 - mart kuni Toshkentda “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasining Ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tgani, unda professor Xidirnazar Allaqulov partiya lideri etib saylangani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.
“Qurultoyda partiya Tashabbus guruhiga kirgan 57 kishining hammasi ishtirok etdi. Yig‘ilishda partiya nizomi va dasturi muhokama qilindi va tasdiqlandi. Partiya raisi etib Xidirnazar Allaqulov saylandi. Uning o‘rinbosarlari etib Mahmud Davronov va Hamroqul Asqarlar saylandi”, - degan edi Bahrom G‘oyib.
- 26 - fevral kuni poytaxt to‘yxonalaridan birida Haqiqat va Taraqqiyot sotsial-demokratik partiyasi tarafdorlarining Ta’sis qurultoyi o‘tkazilishi lozim edi. Bu borada barcha ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon berilgan, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakolatxonlariga qurultoy uchun taklifnoma tarqatilgandi.
- O‘sha kuni ertalabdan Xidirnazar Allaqulovning Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi uyiga huquq-tartibot organlarining bir necha o‘n xodimi kelib, uyiga kirishga urindi. Kunning ikkinchi yarmida Allaqulovni IIB xodimlari Andijon viloyatiga tergovga olib ketgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 - yilning 27 - dekabrida xorijdagi siyosiy muxolifatni mamlakatga qaytarish chaqiriqlarini rad etgan edi.
"Men Prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman. Biroq u o‘zimizda paydo bo‘lishi uchun muhit yaratishimiz kerak. Bu shaxslar xalqning dardini bilishi, ular bilan barcha muammolarni boshidan kechirishi va shu yerning nonini yeb, suvini ichishi kerak".
Ammo o‘tgan vaqt mobaynida Adliya vazirligi bironta yangi siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazgani yo‘q. O‘tgan yil yanvarida vazirlik muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi faollarining partiya faoliyatiga izn berishni so‘rab qilgan murojaatini rad etgan edi.
2020 - yil 10 - yanvarida "Erk" partiyasi faollaridan bir guruhini qabul qilgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, ularning Ozodlikka aytishicha, "bu partiya tarixda qoldi" deya uqtirishga uringan.
"Erk"chilar fikricha, partiya nizomi 1991 - yilning sentabrida rasman qayd etilgan va u bekor qilingan emas.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Mavjud saylov qonunchiligi, shuningdek saylovlarda nomzodlarning mustaqil tashabbus guruhlari tomonidan ilgari surilishiga izn bermaydi.
2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini kuzatgan YeXHT missiyasi O‘zbekistondagi nisbatan erkinlashgan matbuot siyosiy muxolifatning o‘rnini bosa olmaganini aytgan edi.
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rasmiylari kelayotgan prezident saylovlarida xalqaro tashkilotlarning "maqbul" tavsiyalari tadbiq etilishini aytishgan, ammo bu tavsiyalarga haqiqiy muxolifat kiradimi, yo‘qmi, aniqlik kiritmaganlar.
O‘zbekiston parlamentidagi mavjud beshta partiyaning hammasi hukumatparast partiyalardir. Mamlakatda qaror topgan siyosiy an’anaga ko‘ra, aynan shu partiyalarning rahbarlari prezident saylovlarida amaldagi prezidentga "raqib" bo‘ladi.