Yaponiya bosh vaziri zilzila xavfi tufayli O‘zbekistonga safarini bekor qildi

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida (arxiv surati)

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida yapon orollari hududida kuchli zilzila xavfi tufayli O‘zbekiston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga safarini bekor qildi. Bu haqda TASS agentligi xabar qildi.

Kisidaga ko‘ra, yaqin kunlar ichida hukumatning barcha kuchlari vaziyatni monitoring qilish va Nankay yorig‘idagi ehtimoliy zilzilaga hozirlik ko‘rishga yo‘naltiriladi.

Yaponiya bosh vaziri Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safarga chiqajagi haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi. Mazkur safar davomida Kisida Qozog‘istondagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbari bilan uchrashuvda ishtirok etishi kutilayotgandi.

Kuni kecha ommaviy axborot vositalari Yaponiyaning Kyusyu oroli hududidagi zilzila ortidan Nankay yorig‘ida kuchli zilzila ro‘y berish ehtimoli vaqtincha ortgani haqida xabar qilishgan.

So‘nggi yillarda Yaponiyadagi asosiy orol hisoblanmish Xonsyu orolining markaziy qismi sohilidan janubiy-sharqda joylashgan Nankay yorig‘ida zilzila sodir bo‘lishi mumkinligi yaponiyalik seysmologlarda katta xavotir uyg‘otib keladi. U yerda har 100-200 yilda bir qariyb 8 magnitudalik kuchli yer silkinishlari sodir bo‘lib turadi.