Yaponiyaning yangi bosh vaziri Sigeru Isiba mamlakat parlamentining quyi palatasini tarqatib yubordi. Muddatidan ilgari saylov 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda, deya xabar qildi “Kiodo Susin” agentligi.
Yaponiyada palatani tarqatib yuborish hukumat rahbarining konstitutsiyaviy huquqi bo‘lib hisoblanadi. Isiba bu huquqdan bosh vazir lavozimiga kirishganidan sakkiz kun o‘tgach foydalandi. Agentlik qaydicha, Yaponiyada Ikkinchi jahon urushdan beri parlament hech qachon bu qadar tez tarqatilgan emas.
Parlamentdagi muxolifat partiyalari liderlari bilan uchrashuvda Isiba o‘z qarorini saylovchilarning bevosita bahosini ko‘rish istagi bilan izohlagan. Muxolifat uni hukmron Liberal-demokratik partiya atrofidagi mojarodan odamlar e’tiborini chalg‘itishga urinishda aybladi. Mablag‘larning o‘rinsiz sarflab yuborilishi bilan bog‘liq mazkur mojaro avvalgi bosh vazir Fumio Kisida iste’fosiga sabab bo‘lgan edi.
Tarqatib yuborilgan parlamentda Liberal-demokratik partiya 465 o‘rindan 256 tasini egallagandi. Yana 32 o‘rin uning hukmron koalitsiyadagi ittifoqchisi, o‘ng markazchi Toza siyosat partiyasiga (“Komeyto”) tegishli bo‘lgan.