YeI razvedkasi: Chechen muxolif blogerlariga qarshi suiqasdlar uchun Putin javobgar

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Checheniston hukumati Shvetsiyada bloger Tumso Abdurahmonovga va Ramzan Qodirovning boshqa tanqidchilariga suiqasd qilingani uchun javobgardir – Yevropa ittifoqi Razvedka va vaziyat markazi hisobotida shunday deyilgan.

Shvetsiyaning SVT jamoat televideniyesi hisobot bilan tanishib chiqdi.

Shved telekanaliga ma’lum bo‘lishicha, Shvetsiya Davlat xavfsizligi xizmati bloger hayotiga suiqasd chechen rasmiylari tomonidan uyushtirilgan, degan xulosaga kelgan. Yevropa razvedkasi hisobotida aytilishicha, prezident Putin e’tiroz bildirganda edi, Tumso va boshqa chechen blogerlariga suiqasd qilinmagan bo‘lardi.

Hisobotga ko‘ra, Rossiya va Checheniston rasmiylari sudsiz jazolash tadbirlarida Rosgvardiyaning “Terek” maxsus bo‘linmasidan foydalanishlari mumkin. Bo‘linma va uning qo‘mondoni Abuzayd Vismuradov 2019 - yilda – AQSh hukumati, joriy yilning mart oyida esa Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Tumso Abdurahmonovga suiqasd 2020 - yil fevralida, Stokholmdan shimolda joylashgan Evle shahrida yuz bergan. Rossiya fuqarosi Ruslan Mamayev, hamtovog‘i Elmira Shapiayeva yordamida uning kvartirasiga kirib, blogerga bolg‘a bilan hujum qilgan. 2021 - yil yanvarida Shvetsiya sudi ularni mos ravishda 10 va 8 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

Aprel oyida Germaniyada blogerning ukasi – “Vayfond” huquqbonlik tashkiloti xodimi Mahmad (Muhammad) Abdurahmonovga suiqasd qilinishining oldi olindi. Mazkur jinoyat ishida Rossiya fuqarosi Valid Dadakayev gumonlanuvchi sifatida qatnashmoqda, suiqasdda nemis aksilrazvedkasi xodimi ham qatnashgan, degan taxmin bor.

Qodirovni tanqid qilgan shaxslar turli mamlakatlarda muntazam ravishda suiqasd nishoniga aylanadi. Joriy yilning oktabrida to‘rt nafar Rossiya fuqarosi va bir nafardan O‘zbekiston hamda Ukraina fuqarolari Turkiyada bloger Hasan Xolidovga suiqasd qilishda gumonlanib, qo‘lga olingan edi.

O‘tgan yilning iyulida Avstriyada rossiyalik Sar-Ali Axtayev va Salmon Magomedov bloger Anzorni (Mamixon Umarov) o‘ldirganlikda gumon qilinib, hibsga olingan.

Germaniyada chechen ayirmachilarining sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xangoshvili o‘limiga doir ish sudda ko‘rilmoqda. Ushbu jinoyatda Rossiya harbiy razvedkasining muhtamal xodimini ayblashyapti.

Vladimir Putin va Ramzan Qodirovning matbuot kotiblari SVT surishtiruvi bo‘yicha batafsil izoh bergani yo‘q.