Armaniston poytaxtida 13-may kuni shahar markazida bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyalarida politsiya 151 kishini qo‘lga olgan. Ular huquq-tartibot organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaganlikka oid ma’muriy moddani buzganlikda ayblanishmoqda. Bu haqda “Armaniston yangiliklari” agentligi mahalliy IIBdan olingan ma’lumotlarga tayangan holda xabar qildi.
Norozilik aksiyalari ishtirokchilari Yerevan ko‘chalarini to‘sib qo‘yishga urinishgan. Ular Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga qarshi shiorlarni hayqirishgan. Qayd etilishicha, politsiyachilar norozilarni qo‘lga olish chog‘ida kuch ishlatgan. “Armaniston yangiliklari” agentligi xabariga ko‘ra, politsiya xodimlari xatti-harakatlari tufayli 24 News va ABC Media jurnalistlari jabr ko‘rgan.
Yerevandagi norozilik chiqishlari 9-may kuni o‘n minglab odam Pashinyan iste’fosini talab qilib shahar markazidagi mitingga yig‘ilgan paytda boshlangan. Bular asosan Armaniston havoriylik cherkovi Tavush yeparxiyasi rahbari, arxiyepiskop Bagrat Galstanyan boshchiligidagi “Tavush vatan uchun” harakati tarafdorlari bo‘lgan. Mitingga Ozarbayjon bilan chegara delimitatsiyasi sabab bo‘lgan.
Avvalroq Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Yerevan va Boku chegaraning alohida olingan uchastkasidagi delimitatsiya haqida, jumladan Tavush viloyati bilan Ozarbayjonning Gazax tumani o‘rtasidagi to‘rt qishloqning hududiy mansubiyati to‘g‘risida dastlabki kelishuvga erishganini bildirgan edi. Bu qishloqlar o‘tgan asrning 90-yillari boshlaridan beri Armaniston tomonidan nazorat qilib kelingan bo‘lib, endilikda Ozarbayjonga o‘tishi kutilmoqda.