Yevrokomissiya: Ukraina YIga kirish bo‘yicha shartlarni bajardi

Yevropa komissiyasi Yevropa Ittifoqi kengashiga Ukraina va Moldovaning YIga kirishi to‘g‘risidagi muzokaralarni boshlashni tavsiya qildi. Bu haqda Yevrokomissiya vakilasi Ana Pizonero ma’lum qildi.

Biz YIga a’zo mamlakatlarga Ukraina va Moldova barcha shartlarni bajardi, deb hisoblashimiz haqida yangilangan ma’lumotni taqdim etdik. Endi qaror chiqarish a’zo mamlakatlar qo‘lida”, dedi Pizonero.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal mamlakatning yevrointegratsiya bo‘yicha olg‘a siljishini ijobiy baholagani uchun Yevrokomissiyaga tashakkur izhor qilgan.

"Yevrokomissiya tomonidan e’lon qilingan xulosada Ukraina YIga qo‘shilish bo‘yicha tizimli sa’y-harakatlarni davom ettirayotgani va islohotga oid 4 ta qo‘shimcha qadamning barchasini bajargani aytilgan. Endilikda biz yevropalik hamkorlarimizdan keyingi qadamni – shu oyning o‘zida Yevropa Ittifoqiga a’zolikka oid muzokaralarning boshlanishini kutib qolamiz", degan u.

Avvalroq Financial Times gazetasi Yevrokomissiya mazkur muzokaralarni 1-iyul kuni YIga raislik Vengriyaga o‘tishiga qadar boshlashni tavsiya qilishi haqida xabar qilgan edi.

YI a’zolari ichida Rossiyaga eng xayrixoh davlat bo‘lib hisoblangan Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha aksar qarorlarini blokirovka qilib keladi. Budapesht, jumladan Ukraina g‘arbida venger milliy ozchiligi huquqlariga rioya qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni ro‘kach qilgan holda, Kiyevning YIga kirishiga oid muzokaralari boshlanishiga qarshi chiqishi kutilmoqda.

Ukrainaning YIga kirish to‘g‘risidagi arizasi 2022-yilning 28-fevralida berilgan, unga YIga kirishga nomzod mamlakat maqomi ariza berilganidan to‘rt oy keyin – 23-iyun kuni berilgan.

Muzokaralar boshlanishi o‘z-o‘zidan Ukrainaning YIga tez orada kirishini anglatmaydi. Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel, “agar ikkala tomon uy vazifasini ado etsa”, Ukraina 2030-yilga borib YIga a’zo bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan holi emasligini aytgan.