Yevrokomissiya voizi sanksiyalarni chetlab o‘tish oqibatidan ogohlantirdi

Yevropa komissiyasi voizi Peter Stano

Bryusselda Markaziy Osiyo jurnalistlari bilan uchrashgan Yevropa komissiyasining voizi Peter Stano yana bir karra sanksiyalar masalasiga e’tibor qaratdi. Bu haqda mazkur uchrashuvda qatnashgan “Gazeta.uz” nashri muxbiri xabar qildi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi ortidan misli ko‘rilmagan moliyaviy cheklovlar joriy etgani ma’lum. Bryussel Rossiyaning yaqin iqtisodiy hamkorlari sanalgan Markaziy Osiyo davlatlarini sanksiyalarni chetlab o‘tishda Moskvaga ko‘mak bermaslikka chaqirib kelmoqda.

Peter Stanoga ko‘ra, Yevroittifoq tuzilmalari sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlarga qat’iy javob qaytaradi.

“Sanksiyalar masalasi bizning sinchkov nigohimiz ostida. Biror-bir mamlakatda (sanksiyalarni chetlab o‘tish evaziga savdoning) o‘sishini kuzatsak, tegishli hukumat bilan aloqa o‘rtanamiz. Agar hukumat kerakli choralarni ko‘rsa, tabiiyki, pasayish tendensiyasi qayd etiladi. Ya’ni biz bu holatga qarshi ham siyosiy usullar, ham sanksiyalar vositasida kurashishga harakat qilmoqdamiz”, degan Yevrokomissiya rasmiy vakili.

Peter Stano man etilgan tovarlarni Rossiyaga qayta eksport qilish bilan shug‘ullanayotgan mamlakatlar hukumatlarini xalqaro qonunchilikka rioya qilishga da’vat etgan.

Ma’lumot o‘rnida, YIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O'Sallivan 2023-yilning 29-30 -noyabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston hukumati mulozimlari bilan sanksiyalarga rioya qilish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazgan edi.

“Biz O‘zbekistondan barcha yo‘nalishdagi sanksiyalarga to‘la-to‘kis rioya qilishni talab etayotganimiz yo‘q. Bu juda murakkab vazifa bo‘lur edi. Biz sanoqli – taxminan 45 nomdagi mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirganmiz. Ular Rossiyaning harbiy sa’y-harakatlarida o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Biz ayni shu tovarlarni O‘zbekiston kabi uchinchi mamlakatlar orqali qayta eksport qilinishining oldini olish harakatidamiz”, degan edi o‘shanda YI maxsus vakili mahalliy matbuotga bergan intervyusida.