Yil boshidan buyon Toshkentda 18 nafar imom va noib ishdan olindi

Illyustrativ surat

Joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida Toshkent masjidlarida faoliyat yuritgan 18 nafar imom va imom noiblari ishdan olingan. Bu haqda 11-sentyabr kuni O‘zbekiston Musulmonlari idorasida o‘tkazilgan majlisda ma’lum qilindi.

O‘MI xabarnomasida “din peshvosi sifatida ish faoliyatiga e’tibor qaratmagan va mehnat majburiyatlarini yetarli darajada bajarmagan Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritgan 8 nafar imom-xatib, 10 nafar imom noibi vazifasidan ozod etilgani” qayd etilgan. Bundan tashqari, 2 nafar imom-xatib va 2 nafar imom noibiga hayfsan berilgan.

Ozodlikning O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga yaqin manbasi ishdan bo‘shatilgan imomlar ichida ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan Rahmatullo qori Termiziy va Abduhakim qori Matqulov kabi shaxslar borligini ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, endilikda imomlarning jamoatchilikka o‘rnak bo‘lishi va jamiyatda yurishi-turish qoidalariga amal qilishi, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari monitoring qilinadi. Shuningdek, viloyatlardagi masjidlar imom-xatiblari va ularning noiblari faoliyati o‘rganiladi.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi tomonidan berilgan topshiriqqa ko‘ra, Adliya vazirligi va uning joylardagi boshqarmalarida tegishli tartibda ro‘yxatga olinmagan masjid va xonaqohlar, diniy ta’lim beruvchi ayrim o‘rta maxsus ta’lim muassasalari yopiladi.

Xonadonlar va boshqa muassasalarda xususiy tarzda diniy ta’lim berish holatlariga chek qo‘yiladi. Xonadonlarda an’anaviy islomga xos bo‘lmagan suluklar majlislari, xatmi xojagon va diniy marosimlar o‘tkazilishi ta’qiqlanadi.

Hatto ko‘zga ko‘ringan diniy ta’lim muassasalari ham yopilmoqda. Masalan, XVIII asrga oid Toshkentdagi “Ko‘kaldosh” madrasasiga qulf urilgani va uning Eski shahardagi binosi savdo kompleksiga aylantirilganiga ancha bo‘ldi. Muassasa rahbari Abduhakim qori Matqulov ishdan olinib, ulamolarning Faxriy kengashiga o‘tkazilgan”, dedi manba.

Ozodlik avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan o‘tkazilgan hukumat majlisida tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan 400 dan ziyod masjid va honaqohlarni buzishga ko‘rsatma berilgani haqida xabar qilgan.

Ozodlikda shu yilning avgust oyida Jizzax viloyati Zomin tumanidagi yirik zamonaviy masjid hamda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida hashar yo‘li bilan qurilgan masjidlarning buzilganiga oid ma’lumotlar mavjud.